Huawei 1
Turkiyada o‘zbekistonlik qizlarni fohishalikka majburlagan ayol qo‘lga olindi

Turkiyada ikki nafar o‘zbekistonlik qizni intim xizmatlar ko‘rsatishga majburlagan ayol ushlandi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati.

Olmaliq shahrida yashovchi ikki qizga Turkiyadagi Shahnoza ismli tanishi ularni ushbu davlatga yuborishi, o‘zi kutib olishi va yaxshi daromad topishlariga yordam berishini aytgan. Ayol ularni yuz uqalovi yo‘nalishida ish borligi bilan ishontirgan hamda Turkiyaga borish uchun aviachipta va boshqa moddiy xarajatlarni qoplab bergan.

20 yoshli ikki qiz 6-fevral kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Anqara shahriga, so‘ng Konya viloyatiga yetib borgan. Ularni kutib olgan uch nafar shaxs (Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari) shu zahotiyoq qizlarning pasportlarini olib qo‘ygan.

Shundan so‘ng ularni intim xizmatlar ko‘rsatuvchi xonadonga olib borib, erkaklarga intim xizmat ko‘rsatishga majburlagan. Qizlardan biri bunga rozi bo‘lmagani uchun kaltaklangan va unga ruhiy hamda jismoniy tazyiq o‘tkazilgan. Ularni yopiq sharoitda saqlab, takroriy qarshilik ko‘rsatishsa, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan, deyiladi xabarda.

12-fevral kuni voqea yuzasidan olingan ma’lumotga asosan Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari, Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya Respublikasi huquq tartibot organlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qizlarni O‘zbekistonga qaytarilishiga erishilgan. Ular zudlik bilan reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.

Shuningdek, qizlarni aldab chaqirtirgan va ularni shahvoniy ishlarga jalb qilgan shaxslar Turkiyada hibsga olingan. Holat yuzasidan O‘zbekiston fuqarosi Sh. J.ga (ayol) nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30622 | Инструменты