Huawei 1
2024 yilda murojaatlar ortidan 32 nafar rahbar va tarbiyachi ishdan olingan

2024 yilda bolalarga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik yuzasidan murojaatlar ortidan 32 nafar rahbar va tarbiyachi ishdan olingan. Bu haqda 6 mart kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tizimi mas’ullari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Bildirilishicha, uchrashuvda markaziy va hududiy studiyalardan respublikadagi 38 mingdan ortiq davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan. Umarovaga ko‘ra, so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim sohasiga berilgan katta e’tibor natijasida bog‘chalar soni 8 barobarga oshib, 38 mingdan ortdi va bolalarning qamrov darajasi 2017 yildagi 27 foizdan 77 foizga yetkazilgan. Tashkil etilgan bog‘chalarning qariyb 7 mingtasi davlat bog‘chasi bo‘lsa, qolgan 31 mingdan ortig‘i nodavlat bog‘chalar hisoblanadi. Nodavlat bog‘chalarda hozirda qariyb 1 millionga yaqin bolalarimiz tarbiyalanmoqda. 

Qayd etilishicha, kunora ijtimoiy tarmoqlarda bog‘chalarda ayrim tarbiyachilar tomonidan bolajonlarga nisbatan ishlatilgan qo‘pollik, tarbiyasizlik holatlari aks etgan videolavha va turli xabarlar tarqatilmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida ayni shu masalada vazirlikka yuzlab murojaatlar kelib tushgan. O‘rganishlar natijasida 32 nafar rahbar va tarbiyachi lavozimidan ozod etilgan, 3 nafari javobgarlikka tortilgan, 15 nafariga intizomiy chora ko‘rilgan, 15 ta xususiy bog‘chaga berilgan litsenziya bekor qilingan.

“Yig‘ilishda aytilganidek, bir muhim jihatni unutmaylik: biz kelajagimizni bilimli, dunyoqarashi keng va mustaqil fikrlaydigan yoshlar bilan tasavvur qilamiz. Bola bilan munosabatda bo‘layotgan har bir mutaxassis mana shu mas’uliyatni his qilishi lozim. Har bir bolaning sog‘lom va barkamol voyaga yetishiga davlat kafil! Bu xususiymi, davlat va xususiy sheriklikmi yoki oilaviy bog‘cha bo‘ladimi, qonun talabi, tartiblar hamma uchun bir!”, deydi vazir.

Uning ta’kidlashicha, ta’lim-tarbiya kuch ishlatishdan holi bo‘lishi lozim. Bolalarga nisbatan qo‘pollik qilgan yoki shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgan tarbiyachi, pedagogga qonun doirasida chora ko‘riladi. Uzr, ogohlantirishlar bilan qutilib qolish yo‘q, bu o‘rinda MTT rahbariyatining shaxsiy javobgarligi ham kuchaytiriladi. Buni tizimda ishlayotgan har bir rahbar, pedagog, tarbiyachi va yordamchi xodimlar birdek tushunishi, shu tartibga rioya etishlari shart.

“Yig‘ilishda faol rahbarlar tomonidan bildirilgan har bir muammo, takliflarni yozib oldik, muammolarni hal etish, tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha ishni esa allaqachon boshladik. Biz bunday formatdagi uchrashuvlarni yana tashkil etib boramiz. Jamoamiz taklif va muammolarni eshitishga hamisha tayyor”, deydi vazir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30622 | Инструменты