Joriy yilning 1 mart kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumanida joylashgan shifoxonaning hojatxonasida chaqaloq tug‘ildi va u uning chuquriga tushib ketdi. Bu haqda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining matbuot kotibi Eldor Muhammadiyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol chaqaloqni dunyoga keltirgach, holsizlanib, ehtiyotsizlik oqibatida bolani hojatxona teshigiga tushirib yuborgan. Bola yig‘isini eshitgan shifokorlardan biri shu atrofda joylashgan tuman 1-son IIB bo‘limi profilaktika inspektorlaridan yordam so‘ragan. Chaqaloq 2 soat chuqurlikda qolib ketgan. Uzoq urinishlardan so‘ng ichki ishlar organlari xodimlari hojatxonaning orqa tomonini qazib, chaqaloqni chiqarib olgan.
Chaqaloqni olib chiqqan profilaktika inspektori Sardor Safarov “Mening yurtim” telekanaliga bergan intervyusida holat haqida so‘zlab bergan.
“Tuynukni kovlaganimiz sari chaqaloq ovozi eshitilmay qolayotgan edi. Keyin hamma hodimlar birgalikda kovladi, tog‘li hudud bo‘lgani uchun yer qattiq edi. Hamma xodimlar kirishga tayyor bo‘lib turgandi, faqat tuynuk biroz kichik bo‘lgani uchun men kirdim. Chaqaloq yonbosh holatda edi, oyog‘i va qo‘li qimirlamay, muzlab qolgandi. Chiqarib, darrov birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun hamshiralarga berdik”, deydi u.
Bola o‘sha kuni soat 12:00 atrofida Nurobod tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan. Eldor Muhammadiyevning aytishicha, ayni paytda uning holati qoniqarli hamda shifokorlarning doimiy nazorati ostida maxsus intensiv xonada parvarishlanmoqda.
Qayd etilishicha, 3 kilogramm 700 gramm bo‘lib tug‘ilgan chaqaloqning onasi beshinchi farzandiga homilador bo‘lganini o‘zi payqamagan. Sog‘lig‘idan shikoyat qilib kelgan ayol buni farzandi tug‘ilgandagina bilgan. Chaqaloqqa esa uni qutqarib qolgan IIO xodimining ismini qo‘yishmoqchi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30400 | Инструменты