"Samimiy qabul qilganlaridan mamnunman va yil oxirida quyoshli Toshkentga kelib ko‘proq vaqt o‘tkazishga umid qilaman" — Durov O‘zbekistonga tashrifi haqida

Telegram tarmog‘i asoschisi Pavel Durov O‘zbekistonga tashrifi haqidagi taassurotlarini muxlislari bilan bo‘lishdi. Durovning fikrlari va safar davomida olgan suratlari Du Rove‘s Channel Telegram kanaliga joylangan.

Pavel Durov O‘zbekiston aholisining qariyb uchdan ikki qismi Telegram‘dan foydalanishini maʼlum qilgan. Ayni paytda bu tarmoq butun boshli iqtisodiyot tizimlarining bir qismiga aylanib ulgurganini aytib, mamnuniyat bildirgan.

“O‘zbekiston Telegram‘ni nihoyatda yaxshi ko‘radi: mamlakatning 37 million aholisining 70 foizdan ortig‘i Telegram‘ga aʼzo, ularning butun iqtisodiyoti bizning platformamizda boshqariladi (mamlakatdagi har bir biznes tarmog‘ida Telegram boti yoki kanali mavjud). Biz bu mashhurlikdan faxrlanamiz va O‘zbekistonga sevgimizni izhor qilamiz”, — degan Telegram asoschisi.

O‘z xabarida Durov O‘zbekistondagi sayohat yo‘nalishi haqida ham qisqacha maʼlumot keltiradi. Mamlakat sharqidagi tog‘li hududlar hamda tarixiy shaharlarga tashriflar nihoyatda hayratlanarli bo‘lgani aytiladi.

“O‘zbekistonga safarim chog‘ida tez rivojlanayotgan Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi, Sharqiy O‘zbekistonning tog‘li landshaftlari, Buxoro va Samarqandning boy tarixi meni hayratda qoldirdi,” — deya o‘z hayratini izhor qilgan Durov.

Ijtimoiy tarmoq magnati o‘z xotiralarida O‘zbekistonning samimiy insonlari bilan ko‘rishganini, iliq kutib olinganini keltirgan. O‘zbekiston poytaxtiga yil yakuniga qadar yana bir bor kelishi mumkinligiga ishora qilgan.

“Men juda ko‘p yosh va iqtidorli, qalbi qaynoq insonlarni uchratdim. Men samimiy qabul qilganlaridan mamnunman va yil oxirida quyoshli Toshkentga kelib ko‘proq vaqt o‘tkazishga umid qilaman”, — deb fikrlarini yakunlagan Durov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70212 | Инструменты