Senatning beshinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi (hisoboti) ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Ombudsman instituti 2024-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini olib borish, sohaga oid milliy qonunchilik hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni amalga oshirgan.
Senatning 2024-yil 30 martdagi tegishli Qarori ijrosi yuzasidan takroriy murojaatlarning oldini olish choralari ko‘rilishi natijasida bu borada ijobiy natijalarga erishildi. Takroriy murojaatlar soni 2024-yilda 3 077 tani tashkil qilib, oldingi yilga nisbatan 21 taga kamaygan.
Aholining inson huquq va erkinliklari sohasidagi huquqiy ong va madaniyatini oshirish maqsadida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida mamlakatimizning 86 ta tuman va shaharlarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. O‘tgan yili ommaviy axborot vositalarida Ombudsman faoliyatiga oid 4 mingdan ortiq chiqish tashkil etilgan.
Lekin yalpi majlisda eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim kamchilik va muammolar ham kuzatilayotgani taʼkidlab o‘tildi.
Xususan, 2024-yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni (23 422 ta) 2023-yilga nisbatan 4 800 taga yoki 25 foizga ortgan.
2024-yilda Ombudsmanga yo‘llangan murojaatlar kesimiga eʼtibor berilsa, jami murojaatlarning 31,8 foizini ijtimoiy huquq yo‘nalishidagi murojaatlar tashkil etishi va bu ko‘rsatkich 2023-yilga nisbatan 82 foizga oshgani maʼlum bo‘ladi.
Xotin-qizlar huquqlarining cheklanishi, oilada ayolning tahqirlanishi, oiladagi tinchlikni taʼminlash va zo‘ravonlikning oldini olish masalasida 294 ta murojaat kelib tushib, oldingi yilga (133 ta) nisbatan 121 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga ushbu organ kotibiyatidan hamda fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 3 857 ta murojaat kelib tushgan. Bu qabul qilingan jami murojaatlarning atigi 16,4 foizini tashkil etgan.
Muhokamalar davomida qonunchilikda belgilangan taʼsir choralaridan samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda yaratilgan shart-sharoitlar va u yerda saqlanayotgan shaxslarning muammolari bilan yaqindan tanishish maqsadida monitoring tashriflari samaradorligini oshirish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Ushbu masala yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31902 | Инструменты