Senator Nosirbek Abdullaxanov sa’y-harakati bilan NamDU talabalari Ozarbayjon va Germaniyaning rivojlangan OTM va tibbiyot klinikalarida amaliyot o‘taydi
Oliy Majlisi Senati a’zosi Nosirbek Abdullaxanov boshchiligidagi Namangan viloyati delegatsiyasi Ozarbayjonda bo‘lib, M.Topchubashev nomidagi ilmiy-jarrohlik markazi va Boku markaziy klinikasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.
Kuni kecha ana shu hamkorlikning amaliy ifodasi o‘laroq Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, o‘t pufagi yo‘llari va oshqozon osti bezi jarrohligi bo‘limining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Gurbanxan Muslimov Namangan viloyatida bo‘lib, qator uchrashuv va mahorat darslarini o‘tkazdi.
Xususan, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov Ozarbayjon Jarrohlik ilmiy markazining jigar, o‘t pufagi yo‘llari va oshqozon osti bezi jarrohligi bo‘limining katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Gurbanxan Muslimovni qabul qildi.
Bundan tashqari, tibbiyot fanlari doktori, professor G.Muslimov Namangan Davlat universitetida bo‘lib, tibbiyot fakulteti talabalariga mahorat darsini o‘tdi. U bo‘qoq kasalligini davolash bo‘yicha o‘tkazgan jarrohlik amaliyoti aks etgan video taqdimotni talabalarga taqdim qildi. Mazkur yo‘nalishdagi yangiliklar xususida atroflicha ma’lumotlar berib, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Tajribali shifokor universitetning professor-o‘qituvchilari bilan mahorat darsini tashkil etdi. Mashg‘ulotlar davomida mutaxassis namanganlik hamkasblari hamda talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Senator Nosirbek Abdullaxanov va ozarbayjonlik Gurbanxan Muslimovning sa’y-harakati bilan Namangan davlat universiteti talabalari orasidan eng saralari 3-4 kursda Ozarbayjon va Germaniya davlatlarining rivojlangan oliy ta’lim muassasalari, tibbiyot klinikalarida o‘quv amaliyotini o‘taydigan bo‘ldi.
Gurbanxan Fatali o‘g‘li Muslimovga Namangan davlat universitetining faxriy professori unvoni berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12408 | Инструменты