Huawei 1
Sirdaryo viloyatida "Yoshlar texnoparki" ochildi

Joriy yilning 29-aprel kuni Sirdaryo viloyatida "Yoshlar texnoparki"ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdi.

Texnopark faoliyati 4 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich iqtidorli yoshlarni aniqlashga qaratilgan. Bunda tanlovlar o‘tkazilib, ularda saralab olingan salohiyatli yoshlar o‘zlarining bilim va ko‘nikmalari, g‘oyalari va loyihalari asosida bir qancha yoshlar uyushmalariga aʼzolikka qabul qilinadi. Ikkinchisi, oliy taʼlim muassasalari, Yoshlar akademiyasi va Yoshlar parlamenti aʼzolari safidan istiqbolli biznes loyiha va g‘oya egalari texnoparkka jalb qilinadi hamda ularning loyihalari rivojlantiriladi.

Kichik ishlab chiqarishni tashkil etish – bu navbatdagi bosqichdir. Yuqorida aytib o‘tilgan bosqichlarni bosib o‘tgan loyiha egalari Yoshlar texnoparkida kichik ishlab chiqarishni tashkil etadilar. Bunda ushbu loyiha egalariga 3 oy muddatga bepul ofis xonalari taqdim etiladi. Keyinchalik 50 foizlik ijara asosida doimiy qolish imkoni taklif qilinadi. Marketing strategiyasi ishlab chiqiladi, mahalliy va xorijiy investorlar, venchur fondlar va biznes angellar mablag‘lari yo‘naltiriladi. Startap loyihalar uchun davlat grantlari ajratish ham ko‘zda tutilgan. Vanihoyat, bozorga moslashgan mahsulot yaratish bosqichiga o‘tiladi. Bunda texnoparkda yaratilgan mahsulotlarning bozorda xaridorgir bo‘lishiga amaliy ko‘maklashiladi.

Bugungi kunga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlari, shuningdek Nukus shahrida Yoshlar texnoparklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yoshlarning startap loyihalari amalga oshirilmoqda hamda 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika hamda veb dasturlash bo‘yicha o‘quv kurslar tashkil etilgan.

Hududlardagi Yoshlar texnoparklari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Joriy yil yakuniga respublikaning 4 ta hududida ham xuddi shunday Yoshlar texnoparklari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21106 | Инструменты