Huawei 1
Surxondaryoda alimentchi ota ukasining nikoh to‘yida ushlandi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida yashaydigan A. Qosimov voyaga yetmagan bir farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashni odat qildi.

Sudning 2020 yil iyul oyidagi buyrug‘i bilan aliment to‘lash belgilangan bo‘lsa-da, qarzdor ota yillar davomida yig‘ilib qolgan qariyb 36 million so‘m mablag‘ni to‘lashdan bo‘yin tovladi. Bu qilmishi uchun unga o‘tgan yil avgust oyida 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu jazodan ham tegishli xulosa chiqarmagan qarzdor ota aliment pulini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgani uchun MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi jinoyat ishi qo‘zg‘atib, surishtiruv va tergov harakatlarini boshladi.

Jigargo‘shasiga aliment to‘lamaslik maqsadida MIBdan yashiringani uchun qidiruv eʼlon qilinib, ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazildi.  

Buni qarangki, qarzdor ota ko‘cha-kuyda yoki biror uyda emas, ukasining nikoh to‘yida qo‘lga tushib qoldi. U Termiz shahridagi muhtasham to‘yxonalardan birida dimog‘i chog‘ o‘tirganida topilib, ushlandi. Bu qilmishidan pushaymon bo‘lgan A.Qosimov qonunda belgilangan javobgarlik muqarrarligini anglagan holda yig‘ilib qolgan aliment qarzdorligini to‘liq to‘lashga majbur bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31819 | Инструменты