Huawei 1
Tabiatga zarar keltiruvchilarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilmoqda

Senatning ellik to‘qqizinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda noqonuniy ov qilish, brakonyerlik tufayli hayvonot va nabotot turlari soni tobora kamayib bormoqda. Natijada ekologik vaziyat keskinlashyapti, bu esa jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Qurilish va boshqa ishlarni amalga oshirishda kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda qasddan daraxtlarni quritish holatlari uchrayotganini OAV orqali ko‘rib guvohi bo‘lmoqdamiz.

Shuningdek, suv havzalarida turli noqonuniy usullar yordamida, xususan, elektr toki, portlovchi va kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlarni qo‘llagan holda baliq ovlash ortib bormoqda. Bu baliq zaxiralari qirilib ketishiga, turlarini yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Amaldagi qonunchiligimizda bunday qilmishlar uchun jazo choralarining yengilligi esa brakonyerlarga juda qo‘l kelmoqda.

Boz ustiga, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun belgilangan sanksiya mazkur yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini taʼminlash imkonini bermayapti.

Taʼkidlanganidek, taklif etilayotgan Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 2 ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, elektr tokini, portlovchi, kimyoviy moddalarni yoki biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish yoxud baliq ovlash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha jarima belgilanmoqda yoki muayyan huquqdan mahrum qilinmoqda, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Og‘irlashtiruvchi holatlarda qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ham kiritilmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ko‘zda tutilgan jarimalar miqdori ikki baravarga oshirilmoqda.

Kimyoviy, biologik va bakteriologik vositalardan foydalangan holda, shuningdek, binolar, inshootlar yoki boshqa obyektlarni qurish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish yoxud o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurish hamda kapital taʼmirlash vaqtida daraxtlarga, butalarga yoki boshqa o‘simliklarga qasddan shikast yetkazish, payhon va nobud qilish huquqbuzarliklari uchun javobgarlik belgilanib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 60  baravaridan 75 baravarigacha jarima nazarda tutilmoqda.

Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik esa 2 baravarga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, Ekologiya davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha jarima belgilanmoqda.

 “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar normalari o‘zaro muvofiqlashtirilib, ushbu qonunlardagi ov quroli, shu jumladan baliq ovlash quroli bilan bog‘liq huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda.

Qayd etilganidek, qonunning qabul qilinishi noqonuniy ov qilish holatlarining oldini olish orqali biologik resurslarni muhofaza qilishga, daraxt va butalar nobud qilinishining oldini olishga, davlat ekologik nazorati instituti samaradorligini oshirishga, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlash, tabiiy resurslarni kafolatlangan himoya qilishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102414 | Инструменты