Huawei 1
“Toshkent – Andijon” pullik avtomobil yo‘li qachon quriladi?

Jahon banki ko‘magida “Toshkent – Andijon” pullik avtomobil yo‘lini qurish belgilandi.  

Umumiy uzunligi 314 kilometr bo‘lgan bu tezyurar magistral 10,5 milliondan ortiq aholi yashaydigan vodiyni poytaxt bilan bog‘lovchi muhim arteriya bo‘lib hizmat qiladi. Uning foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkentdan Andijonga yetib borish vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirishi mumkin.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash va tasdiqlash Vazirlar Mahkamasiga topshirilgan edi. Yaqinda ushbu loyiha bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilindi. Qisqa vaqtda unga ko‘plab nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi. PWC (O‘zbekiston), “Arup and Partner’s” va CMS “Cameron” (Buyuk Britaniya) konsultantlar konsorsiumi hukumat tomonidan xususiy sherikni tanlashga yordam berish uchun loyihaning maslahatchisi sifatida jalb qilindi. Loyiha konsepsiyasi shu yil 21 yanvarda tasdiqlandi. Uning qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 4,28 milliard dollarni tashkil etmoqda. Yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim 49 yil davomida amal qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha tenderi ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda xususiy kompaniyalar dastlabki malakalashdan o‘tish uchun hujjatlarini topshiradi. Ikkinchi bosqichda dastlabki saralashdan o‘tgan kompaniyalar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi. Tenderda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi bilan uzoq muddatli davlat- xususiy sherikchiligi bitimi imzolanadi.

“Toshkent–Andijon” yo‘nalishining 64 foizi yangi, 36 foizi rekonstruksiya qilinadi. Trassa uzunligi I-a (avtomagistral) toifasiga kiradi va oltita yo‘lakdan iborat bo‘ladi.

Loyiha qurilishi uch bosqichdan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Dastlab 102 kilometrli Toshkent – Angren, ikkinchi bosqichda 69 kilometrli Angren –Pop, uchinchi bosqichda 143 kilometr uzunlikdagi Pop – Andijon uchastkasi quriladi. Yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi.

Shu yildan boshlab qurilishi rejalashtirilayotgan loyihaning 1-bosqichi doirasida Qamchiq dovonida 16,4 kilometrlik tunnel yo‘li barpo etiladi.  

Shunisi ahamiyatliki, mazkur pulli yo‘l mavjud yo‘llarga muqobil sifatida qurilmoqda. Chunki har qanday haydovchi uchun yo‘llardan foydalanishda tanlash imkoniyati bo‘lishi kerak. Eski yo‘llarda kesishma va tutashmalar, svetofor va temir yo‘l kesishmalari ko‘pligi, katta qismi aholi yashash punktlaridan o‘tgani sababli tezlik cheklangan.  

Pulli avtomobil yo‘lini tashkil etishdan asosiy maqsad ham avtomobil yo‘llarida atrof-muhit va jamoat xavfsizligini hisobga olgan holda, yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish hamda yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, transport sohasiga oid axborot tizimlari bilan integratsiyani ta’minlash imkonini beradigan muqobil avtomobil tarmog‘ini yaratishdir.

Loyihadan yo‘llar yoqasida xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining tashkil etilishi o‘rin olgan. Xususan, yo‘l yoqasida avtomobillarga yoqilg‘i quyish, unga texnik xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, kempinglar quriladi. Bu esa davlatimiz iqtisodiyotning taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Shuning barobarida tezlikni o‘lchovchi radarlar bo‘lmaydi. Piyodalar o‘tish yo‘lagi va kesishmalar yer osti yoki yer ustida quriladi. Nosozlik va shunga o‘xshash zarurat paydo bo‘lganda, chetga chiqib olishning imkoni yaratiladi.  

Pulli magistralda yo‘l haqi miqdori transport vositasining turiga, uning og‘irligiga yoki g‘ildirak o‘qlari soniga qarab o‘zgaradi. Katta va og‘ir transport vositalari uchun tariflar odatdagi avtomobillarga nisbatan yuqori bo‘ladi.

“Toshkent – Andijon” magistral yo‘lini 5-7 yilda foydalanishga topshirish kutilmoqda. Bu jarayon 2025-2032 yillarni o‘z ichiga oladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, pulli avtomobil yo‘li O‘zbekistonning yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va transport xizmatlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Loyihaning davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi esa zamonaviy texnologiyalar va xalqaro tajribalarni joriy etishga imkon beradi. Bu nafaqat transport sohasini rivojlantiradi, balki mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga ham hissa qo‘shadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31015 | Инструменты