Huawei 1
Toshkent viloyatida odamlarni milliardlarga chuv tushirgan shaxs qamaldi

Toshkent viloyatida yirik miqdordagi firibgarlik, o‘g‘rilik, yolg‘on guvohlik berish, porada vositachilik, tuhmat va boshqa 10 dan ortiq jinoyatlarni sodir qilgan shaxs 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tuman sudining ochiq sud majlisida firibgarlik, pora berishda vositachilik, yolg‘on guvohlik berish, tuhmat, o‘q-dorilarni o‘g‘irlash va noqonuniy o‘tkazish kabi og‘ir hamda o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxsga nisbatan sud hukmi e’lon qilingan.

Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergov va sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi 2021-2024 yillar oralig‘ida 13 ta holatda fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga turli va’dalar berib, yirik miqdorda moliyaviy mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Xususan, u avtotransport vositalarini arzon narxda olib berish, yer maydonlari va ko‘chmas mulklarni sotib olish, yuqori daromadli ishga joylashtirish kabi bahonalar bilan bir necha fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan. Firibgarlik yo‘lida esa eng yaqin tanishlarini ham ayamagan.

Jumladan:

  • 2021 yil 10 avgust kuni u bir fuqaroga arzon narxda avtomobil olib berishni va’da qilib, undan jami 5800 dollar miqdorida pul mablag‘larini olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan. 
  • 2022 yil 15 oktyabrda yana bir ayolga arzon narxda avtomobil olib berishni va’da qilib, oradan vaqt o‘tgach, mashina emas, yer uchastkasi olib berishini aytib, jami 2100 dollar miqdoridagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.
  • 2023 yil 1 oktyabrda yana bir fuqaroga yer uchastkasining kadastr hujjatlarini mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga ko‘ndirgan va pora berishga dalolat qilib, jabrlanuvchidan 10 ming dollar olgan, biroq va’dasini bajarmagan.
  • 2022 yilning iyun oyida boshqa bir jabrlanuvchini 2000 dollar bilan “Amirsoy” dam olish maskanidagi 10 million so‘m maoshlik ishga kiritish va Zangiota tumanidagi bir nechta yer maydonini nomiga o‘tkazib berishga ishontirib, jami 28 ming 700 dollar miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.
  • 2023 yilning iyul oyida yana bir fuqaroning ishonchiga kirib, 38 ming 500 dollar miqdoridagi pullarni yer olib berish bahonasida olib, qaytarib bermagan.
  • 2023 yil 5 oktyabrda yana bir jabrlanuvchiga o‘zining pasport nusxasiga tilxat yozib, yer olib berishga ishontirgan va 10 ming dollarni qo‘lga kiritgan.
  • 2024 yil 25 yanvarda jabrlanuvchi ayolga Bo‘stonliq tumanida dala hovlini ijaraga olib berishini va bu katta foyda keltirishini va’da qilib, 10 ming dollar pulni qo‘lga kiritib, va’dasini bajarmagan.
  • 2024 yil 22 fevralda yaqin tanishini 20 dona Spark avtomobilini elektron auksion orqali arzon narxda sotib olishga ishontirib, Telegram orqali notanish MCHJning qalbaki guvohnomasi suratini yuborib, 61 ming 750 dollarni qo‘lga kiritib, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflagan.
  • 2024 yilning mart oyida esa tanishidan qarzga 12 ming 800 dollar olib, undan 3500 dollarini qaytarib, qolgan qismini bermaslik uchun unga tuhmat qilgan.
  • 2024 yilning bahorida mahalladoshini do‘kon sotish bahonasida 65 ming dollarga chuv tushirib, pulni qaytarmaslik evaziga o‘g‘irlangan o‘q-dorilarni jabrlanuvchining hovlisiga yashirib, huquq-tartibot organlariga xabar bergan. Tezkor tadbirda ushbu o‘q-dorilar daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilib, uning o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
  • Bundan tashqari, sudlanuvchi yer maydonlari va ko‘chmas mulklarni rasmiylashtirish uchun pora berishda vositachilik qilgan. U turli hujjatlarni soxtalashtirish, yolg‘on guvohlik berish va tuhmat qilish orqali noqonuniy daromad orttirishga harakat qilgan.

Shu kabi usullar bilan u boshqa fuqarolarni ham chuv tushirib, jami 2,8 milliard so‘mlik zarar yetkazgan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismining “a” bandi, 28 (jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (pora berish) 2-qismining “b” bandi, 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismining “a,g” bandlari, 139-moddasi (tuhmat) 3-qismining “a,g” bandlari, 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 3-qismining “b” bandi, 247-moddasining (o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda egallash) 1-qismi, 248-moddasining (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplash uchun sudlanuvchidan 2,8 milliard so‘m undirilishi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22321 | Инструменты