O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasining ma'lum qilishicha, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnovlar davomida ayrim shaxslar aeroportlarda sizdan o‘z yuklarini O‘zbekistonga yetkazib berishni iltimos qilishi mumkin. Ular turli bahonalar bilan (masalan, og‘ir kasal qarindoshi borligi yoki yukni jo‘natish imkoniyati yo‘qligi) sizni ishontirishga harakat qilishadi. Biroq, bunday vaʼdalarga ishonmang va begona yukni hech qanday holatda qabul qilmang.
O‘tgan yillarda bir necha O‘zbekiston fuqarolari aynan shunday vaziyatlarga tushib qolgan va noqonuniy yuklarni, jumladan narkotik moddalar va soxta hujjatlarni bilmasdan olib o‘tganlari uchun hibsga olingan:
2023 yil – Istanbul aeroportida 27 yoshli O‘zbekiston fuqarosi nomaʼlum shaxsning iltimosiga binoan yukni olib o‘tishga rozi bo‘ldi. Biroq, chegarada tekshiruv vaqtida yuk ichidan katta miqdorda narkotik moddalar topildi. Natijada, u 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
2022 yil – Antaliya shahridan Toshkentga qaytayotgan yana bir fuqaro o‘ziga notanish kishining yukini olib o‘tishga rozi bo‘ldi. Yuk tarkibida soxta pasport va noqonuniy hujjatlar borligi aniqlanib, fuqaro bir necha yilga ozodlikdan mahrum etildi.
"Begona odamlarning yukini hech qanday holatda qabul qilmang. Sizning ehtiyotsizligingiz yoki begonalarga bo‘lgan ishonchingiz og‘ir jinoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shubhali iltimoslarga aldanmang va o‘z xavfsizligingizni himoya qiling", - deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31015 | Инструменты