Ostona shahrida (Qozog‘iston) Ustyurt platosining hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ishtirokchilarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi, Ekoturizm va ovchilikni rivojlantirish departamenti vakillari, Qozog‘iston va Turkmanistonning atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari, xalqaro, ilmiy va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) “Orolboʻyi mintaqasida ekologik barqarorlikka qaratilgan rivojlanishi” mintaqaviy loyihasi tomonidan Qozogʻiston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligining Oʻrmon xoʻjaligi va hayvonot dunyosi qoʻmitasi, Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiya (CMS) kotibiyati, Mixail Sukkov fondi, Qozog‘iston bioxilma-xillikni asrash uyushmasi (ASBK) va GIZning “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishini e’tiborga olgan holda yerdan integrativ foydalanish” loyihasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Ustyurt platosining bioxilma-xilligini saqlashning bugungi holati, tahdidlari va istiqbollari to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Asosiy e'tibor quyidagi masalalarga qaratildi:
• yovvoyi hayvonlarning migratsiyasi uchun zarur bo'lgan chegara to'siqlarida o'tish joylari va qulay infratuzilma yaratish bo'yicha mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash;
• qayta tiklanuvchi energiya manbalari, neft-gaz kompleksi va tog'-kon sanoati sohasidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonida bioxilma-xillikka salbiy ta'sir ko'rsatishning tezkor chora-tadbirlari va oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqish;
• xalqaro va nodavlat tashkilotlarning biologik xilma-xillikni saqlash sohasidagi yutuqlari va yangi tashabbuslarni moliyalashtirish imkoniyatlarini ko'rib chiqish.
“Ustyurt platosining hayvonot dunyosini asrash borasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum (2025–2030-yillar) doirasidagi harakatlar boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni birgalikda qabul qilish uchrashuvning asosiy yakuni boʻldi. Ushbu strategik hujjat quyidagilardan iborat: 7 ta asosiy ish yo‘nalishi, aniq erishish ko‘rsatkichlari ko‘rsatilgan 12 ta maqsad, amalga oshirish muddatlari va mas’ul ijrochilar ro‘yxati.
Uchrashuvda mamlakatlar Ustyurtning bioxilma-xilligini saqlash va belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish sohasida faol hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31903 | Инструменты