Vazirga so‘rov yuborildi: Toshkent – Samarqand, Toshkent – Farg‘ona avtomobil yo‘llarini qurish paysalga solinmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar transport vaziri Ilhom Mahkamovga “Global transport-logistika tarmoqlariga O‘zbekiston Respublikasining integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimi samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masalani ko‘rib chiqdi.  

Bugungi kunda O‘zbekistonning global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish, milliy transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda tranzit salohiyatini yana-da oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.  

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 53-maqsadida mamlakatning global transport-logistika tarmoqlariga integratsiyasini chuqurlashtirish va milliy transport tizimining salohiyatini oshirish bo‘yicha kelgusidagi muhim ko‘rsatkichlar belgilangan. Mazkur vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimizning tashqi savdo yuklari eng qisqa yo‘llar bilan asosiy jahon va mintaqaviy bozorlarga chiqishi uchun samarali va ishonchli muqobil transport va tranzit yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha eʼtiborli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Shu bilan birga, sohada ishlarni izchil tashkil etish va natijadorlikka erishish borasida ayrim kamchiliklar va muammolar mavjud. Jumladan, Toshkent – Samarqand va Toshkent – Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklik asosida avtomobil yo‘llarini qurish ishlari paysalga solib kelinmoqda. Ushbu avtomobil yo‘llarini qurish loyihasi xorijiy kompaniyalarga topshirilgan bo‘lib, bu loyihalar bugungi kunda ham yakuniga yetkazilmasdan qolmoqda. 

Bundan tashqari, samaradorligi past bo‘lgan hududiy aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va ishonchli boshqaruvga berish ishlariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmayapti. Bu borada Qatar, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Germaniya, Koreya va Argentina kabi davlatlarning kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazilgan bo‘lsa-da, biror amaliy natijaga erishilmagan.  

Shundan kelib chiqib, majlisda Toshkent – Samarqand va Toshkent – Farg‘ona vodiysi yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklik asosida avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarini yakuniga yetkazish borasida olib borilayotgan ishlar holati, samaradorligi past bo‘lgan hududiy aeroportlarni davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida transport vaziri Ilhom Mahkamovga parlament so‘rovi yuborildi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты