O‘zbekistonda yashillik darajasini oshirishga qaratilgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi Yerevanda bo‘lib o‘tgan “Yashil Yevroosiyo” ikkinchi xalqaro iqlim tanlovida “Yangi iqlim sharoitida qishloq va o‘rmon xo‘jaligi” nominatsiyasida g‘olib deb e'tirof etildi.
Ma'lumot uchun, ushbu tanlovda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ikkita loyihasi g‘olib loyihalar qatoridan o‘rin oldi. Bular "Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda "Green University" (“Iqlim sohasida ma’rifat va ta’lim” nominatsiyasi).
O‘zbekistonda yashillik darajasini oshirish bo‘yicha 5 yildan beri amalga oshirilayotgan ishlar tanlov komissiyasi a’zolarida iliq taassurot qoldirdi.
Tadbir davomida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi rahbari Baxitjan Sagintayev tanlov g‘oliblari va sovrindorlariga videomurojaat yo‘lladi.
“Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining har bir davlati iqlim bo‘yicha kun tartibi doirasida o‘z xalqaro majburiyatlarini mustaqil ravishda amalga oshiradi. Shuning uchun “Yashil Yevroosiyo” tanlovini mamlakatlar tomonidan ushbu sohada erishilayotgan milliy yutuqlarning oʻziga xos namoyishi deb hisoblash mumkin. Bu yutuqlar uglerod ishlab chiqarish va chiqindilarni kamaytirish uchun texnologiyalarni keng xalqaro almashish va foydalanishga qaratilgan. Global maqsadlarga erishishga salmoqli hissa qo‘shayotgan, shuningdek, umumiy kelajagimizni yaxshilashga ko‘maklashayotgan barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildirmoqchiman”, — dedi Baxitjan Sagintayev.
Ma'lumot uchun, "Yashil makon" umummilliy loyihasi Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlandi va yaxshi an'anaga aylandi. Loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish va shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122117 | Инструменты