Sharofiddin Boltaboyev Tel-Aviv “Katta dubulg'a” turnirida chempion bo'ldi
Isroilning Tel-Aviv shahrida dzyudo bo'yicha “Katta dubulg'a” turnirining ikkinchi kun bellashuvlar o'z yakuniga yetdi. Musobaqaning ushbu kun dasturi ham jamoamiz uchun muvaffaqiyatli o'tdi.
-81 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan dzyudochimiz Sharofiddin Boltaboyev final uchrashuvini ham g'alaba bilan yakunladi.
Mahoratli dzyudochimiz oltin medal uchun kechgan bellashuvda ancha nomdor sportchi, asli eronlik, hozirda Mo'g'uliston mamlakati sharafini himoya qilayotgan Said Mullai bilan kuch sinashdi.
Murosasiz kechgan bellashuvda Sharofiddin g'alaba qozonib, Tel-Aviv "Katta Dubulg'a" turniri chempioniga aylandi. Shuningdek, qoraqalpoq o'g'loni Tokio-2020 olimpiadasi yo'lida qimmatli 1000 reyting ochkosini ham qo'lga kiritdi.
Ma'lumot uchun, Boltaboyev finalga qadar Dorin Gotonoaga (Moldova), Aleksandr Vicherzak (Germaniya), Styuart Makvatt (Buyuk Britaniya) va Fran De Vit (Niderlandiya) ustidan ishonchli g'alabaga erishgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20515 | Инструменты