Turkiya shimolidagi Bolu viloyatida «Kartalkaya» tog‘-chang‘i kurortida ro‘y bergan yirik yong‘in mamlakat janubidagi Antalya viloyatida 50 ta mehmonxona yopilishiga olib keldi, deb xabar beradi NTV Haber.
«Antalyada munitsipal rasmiylar Kaleichi va uning atrofida joylashgan 50 otelni muhrladi», — deyilgan xabarda. Mehmonxonalar egalari bu haqda xabardor qilingan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya madaniyat va turizm vazirligi 81 viloyat rahbarlariga shoshilinch noma yo‘llagan. Unda registratsiyasiz va litsenziyasiz ishlayotgan barcha obektlarni muhrlash zarurligi aytilgan. Bundan tashqari, tadbirkorlar rasmiylarga turistik faoliyat olib borish uchun berilgan sertifikatni taqdim etishi talab qilinadi.
21 yanvarga o‘tar kechasi Turkiyaning Bolu viloyatida joylashgan «Kartalkaya» tog‘-chang‘i kurortidagi Grand Kartal mehmonxonasida yong‘in chiqqandi. Jami 78 kishi halok bo‘lgan, yana 51 kishi yaralangan. 22 yanvar kuni mamlakatda motam kuni e’lon qilingan.
T24 ma’lumotiga ko‘ra, otelda yong‘in signalizatsiyasi va tutunni nazorat qilish tizimida, shuningdek evakuatsiya yo‘llari ishlashida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Yong‘in restoran oshxonasida boshlangan. Qurbonlarning ko‘pchiligining o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan.
Mahalliy nashrlarga ko‘ra, yong‘in sababi oshpazlarning e’tiborsizligida bo‘lgan. Oshpazlar grilni yoqilgan holda qoldirgan, keyinchalik olovni o‘t o‘chirish vositasi bilan emas suv bilan o‘chirishga uringan. Oqibatda olov butun xonaga sachragan.
Mehmonxona egasi yong‘in uchun barcha javobgarlikni xodimlarga: bosh oshpaz, elektrik va qo‘riqchilarga yuklagan. Sudda u bosh oshpaz oshxonadagi elektr jihozlariga, elektrik esa yong‘in xavfsizligi tizimiga mas’ul ekanini ta’kidlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13114 | Инструменты