Huawei 1
Antarktidadagi bazada olim o‘z rahbariga hujum qildi

Antarktidadagi uzoq Janubiy Afrika tadqiqot markazida olim o‘z hamkasblariga hujum qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Janubiy Afrika atrof-muhit vaziri Dion Jorjga tayanib, The Times xabar bermoqda.

O‘tgan hafta Sanae IV bazasidagi meteorologlar, muhandislar va tibbiy mutaxassislardan iborat olimlar guruhidan xavotirli xabar kelib tushgan. Ularning aytishicha, tadqiqotchilardan biri og‘zaki tortishuvdan so‘ng o‘z rahbariga hujum qilgan. Xat muallifi, shuningdek, hujumchi ekspeditsiyaning boshqa ishtirokchilarini o‘ldirish bilan qo‘rqitgani va jamoa a’zolaridan biriga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini ta’kidlagan.

Sanae IV Afrikaning eng janubiy nuqtasidan 4000 kilometr masofada joylashgan. U yerga borish uchun ob-havo qulay bo‘lganda taxminan ikki hafta vaqt talab etiladi. Baza balandlikda joylashgani tufayli u yerdagi ob-havo sharoiti nihoyatda keskin: qishda o‘rtacha harorat minus 23 daraja bo‘lganda, shamol tezligi sekundiga 60 metrgacha yetishi mumkin.

Janubiy Afrika Respublikasidan kelgan tadqiqot guruhi dengiz konteynerlariga o‘xshash modulli vagonlarda yashaydi. Jamoa tarkibida jami to‘qqiz kishi bor. Ular yana 10 oy birga bo‘lishi kerak, ammo hozir mamlakat rasmiylari jamoadagi muhitni normallashtirish va guruhning muammoli a’zosini olib ketish yo‘lini topish ustida bosh qotirmoqda.

Janubiy Afrika Atrof-muhit vazirligi “shoshilinch aralashuv zarurligi sabab” Norvegiya va Germaniyadagi hamkasblariga murojaat qildi. Bu mamlakatlarning ilmiy-tadqiqot bazalari Sanae IV stansiyasidan taxminan 320 kilometr masofada joylashgan.

Olimlarning aytishicha, Antarktika bazasida yashash koinotda bo‘lish bilan bir xil — odamlar to‘liq izolyatsiyada, qattiq sovuq tufayli tashqariga chiqolmaydi, hatto hayvonlarni ham ko‘rmaydi, lekin doim bir xil jamoa a’zolari bilan muloqotda bo‘ladi. Ekspeditsiyaga jo‘natilishidan oldin barcha nomzodlar sinchiklab ruhiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

“Psixologik nuqtayi nazardan, vaziyat tobora keskinlashyapti, deb o‘ylayman. Atrof oppoq — na biror rang, na shovqin, na siz odatiy deb bilgan boshqa narsalar bor. Shu sababli barcha odamlarning, jumladan o‘zingizning ham xatti-harakatingiz o‘zgaradi va mayda-chuyda narsalar muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi”, — deya ta’kidladi tajribali tadqiqotchi Alan Chembers.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 31818 | Инструменты