Huawei 1
Apple iPhone’ga Starlink yordamini qo‘shish uchun SpaceX bilan hamkorlik qiladi

Apple iPhone foydalanuvchilariga Starlink tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini taqdim etish uchun SpaceX kompaniyasi va T-Mobile operatori bilan yashirin hamkorlik olib bormoqda, deb xabar beradi Bloomberg.

Agentlikning yozishicha, 27 yanvar kuni «ommaga oshkor qilinmagan holda» Starlink’ni qo‘llab-quvvatlovchi funksiyaga ega yangilangan dasturiy ta’minot chiqarilgan. Beta-sinov dasturiga hozircha kam sonli iPhone foydalanuvchilari ulangan.

Beta-sinovda ishtirok etayotgan ilk foydalanuvchilar T-Mobile’dan matnli xabar olgan. 

«Siz T-Mobile Starlink’ning beta-versiyasidasiz. Endi dunyoning deyarli istalgan nuqtasidan sun’iy yo‘ldosh orqali matnli xabar yo‘llashingiz mumkin. Foydalanishni boshlash uchun qurilmangizni iOS 18.3 ga qadar yangilang», deyiladi xabarda.

Bloombergʼning tushuntirishicha, bu quyidagi tartibda ishlaydi: iPhone mobil aloqa yo‘q zonaga kirib qolsa, u SpaceX sun’iy yo‘ldoshlariga ulanishga urinadi. Hozircha sun’iy yo‘ldosh aloqasi orqali faqat matnli xabarlar yuborish mumkin. Shu bilan birga, sun’iy yo‘ldosh aloqasining imkoniyatlaridan mobil aloqa mavjud hududlarda foydalanib bo‘lmaydi.

SpaceX va T-Mobile kelajakda dasturni ma’lumotlar almashinuvi va ovozli chaqiruvlarga qadar kengaytirishni rejalashtirmoqda.

2024 yil oktyabrda AQShning Aloqa bo‘yicha federal komissiyasi SpaceX va T-Mobile kompaniyalariga «Helen» to‘fonidan jabr ko‘rgan Shimoliy Karolina hududlarida aloqani ta’minlashda Starlink sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanishga ruxsat bergan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13019 | Инструменты