Huawei 1
AQSh BMT Inson huquqlari kengashi va UNRWA tarkibidan chiqdi

Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarni BMT Inson huquqlari kengashi va BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ishlari agentligi (UNRWA) tarkibidan chiqarish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda 4 fevral, seshanba kuni Oq uy matbuot xizmati, shuningdek, AFP va dpa agentliklari xabar berdi.

Oq uy: BMTda «Amerikaga qarshi tarafkashlik» hukmron

AFP ta’kidlaganidek, Trampning farmoni AQShning BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNESKO)dagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqishni ham nazarda tutadi. Agentlik Oq uyning yangi kotibi Uill Sharfning BMT institutlarida «Amerikaga qarshi tarafkashlik» haqidagi gapidan iqtibos keltiradi.

«Umuman olganda, farmon mamlakatlar o‘rtasidagi katta tafovutlar va moliyalashtirish darajasidan kelib chiqib, AQSh tomonidan BMTga ajratilayotgan mablag‘larni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi», — deya qo‘shimcha qildi Sharf.

«Men doimo Birlashgan Millatlar Tashkilotining katta salohiyatga ega ekanligini his qilganman. Ammo hozir u bu salohiyatga mos kelmayapti, - dedi Donald Tramp hujjatni imzolar ekan. - U unchalik yaxshi ishlamayapti va u o‘z ishini qilmayapti».

AQSh UNRWA uchun eng yirik donor edi

Isroil 2023 yil 7 oktyabrda Hamasning Isroilga hujumiga aloqadorlikda ayblaganidan so‘ng, Jo Bayden davrida AQShning UNRWA'ni moliyalashtirishi 2024 yil yanvarida to‘xtatilgan edi. Shu bilan birga, AQShdan keyin yana o‘ndan ortiq rivojlangan davlatlar, xususan, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Avstraliya UNRWA'ni moliyalashtirishni to‘xtatdi. Kanada, Shvetsiya va Italiya to‘lovlarni bekor qildi, ammo keyinroq to‘lovlarni qayta boshladi.

Ilgari Qo‘shma Shtatlar UNRWA'ning eng yirik donori bo‘lib, har yili 300-400 million dollar ajratgan. Trampning 2017-2021 yillardagi birinchi muddati davomida u UNRWA'ni moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ygan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20513 | Инструменты