Davlat boshqaruvi samaradorligi departamenti (DOGE) AQShda 120 yoshdan oshgan taxminan 3,2 million fuqaroni vafot etgan deb tan olinishiga erishdi. Ular ijtimoiy ta’minot ma’muriyati bazalarida tirik sifatida ro‘yxatda turgan va nafaqa olayotgan edi. Bu haqda milliarder Ilon Mask boshchiligidagi idora X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.
“So‘nggi ikki hafta ichida ijtimoiy ta’minot ma’muriyati o‘z bazalarida keng qamrovli tozalash ishlarini olib bordi. 120 yoshdan o'tgan taxminan 3,2 million hisob egalari endi vafot etgan deb belgilandi. Hali oldinda katta ishlar turibdi”, — deyiladi xabarda.
Fevral oyida Ilon Mask AQShda ijtimoiy nafaqa olayotgan fuqarolarning yoshiga e’tibor qaratdi. U e’lon qilgan grafikaga ko‘ra, AQShda 100 yoshdan oshgan 4 milliondan ortiq fuqaro bor. Mask AQShdagi ijtimoiy ta’minot tizimini tarixdagi eng katta firibgarlik deb atadi.
Joriy yilning yanvar oyida AQSh prezidenti Donald Tramp hukumat samaradorligi departamentini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu departament Oq uyning bir qismi hisoblanmaydi, biroq uning shtatga kirmagan a’zolari yirik islohotlarni amalga oshirishda hukumat bilan hamkorlik qiladi. Ilon Maskning vazifalariga byurokratiyaga qarshi kurash ham kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31901 | Инструменты