Huawei 1
AQSh Ukraina tinchlik rejasini ishlab chiqishga Yevropani jalb qiladi

Donald Tramp ma’muriyati Yevropadagi hamkorlariga muzokaralar stolidan joy berish maqsadida Ukrainadagi urushni tugatish rejasini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda 10 fevral, dushanba kuni The Telegraph nashri xabar qilib, AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog tinchlik rejasini yakunlashdan oldin NATO ittifoqchilari bilan individual muzokaralar o‘tkazishga va’da berganini ta’kidladi.

NATO mamlakatlari «bosh vazirlari va prezidentlari» bilan muzokaralar chog‘ida u Kiyev va Moskva o‘rtasida mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuvi shakli va Yevropa davlatlari bu jarayonga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi haqidagi fikrlarini bilish niyatida, degan u yevropalik diplomatlarga.

General Kellog 14—16 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina bo‘yicha tinchlik rejasining alohida elementlarini taqdim etishga va’da berdi, deb yozadi The Telegraph. Avvaliga Amerikaning urushni tugatish rejasi Myunxenda taqdim etilishi kutilgandi, biroq Trampning maxsus vakili keyinroq buni rad etdi. Bloomberg agentligiga ko‘ra, Kellog Trampga yaqin haftalarda Ukrainadagi urushni tugatish variantlarini taqdim etishi kutilmoqda.

Yevropaga safari davomida Kellog konferensida ishtirok etishdan tashqari, Kiyev va boshqa Yevropa poytaxtlariga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Uolts: AQSh Ukraina xavfsizligi kafolatlarini Yevropaga yuklaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining yuqori martabali rasmiylari kelasi hafta yevropalik amaldorlar bilan uchrashib, Ukrainadagi keng ko‘lamli urushni tugatish yo‘llarini muhokama qiladi. Bu haqda 9 fevral kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uoltsga tayanib, Associated Press xabar berdi. Uoltsga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Xegset, vitse-prezident Jyey Di Vens hamda AQShning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Yevropaga safar qiladi.

Shu kuni Mayk Uolts NBC telekanaliga bergan intervyusida aynan Yevropa Ukrainaga urush tugaganidan keyin xavfsizlik kafolatlarini berishi kerakligini, AQSh esa Kiyevga harbiy yordam uchun sarflagan xarajatlarini qoplash niyatida ekanini aytdi. «Biz bu xarajatlarni qoplashimiz kerak va bu ukrainaliklar bilan nodir metallar, tabiiy resurslar, neft-gaz va bizning resurslarimizni sotib olish bo‘yicha hamkorlik bo‘ladi», dedi Tramp maslahatchisi.

AQSh prezidenti «urushni tugatish» va «barcha tomonlarni», jumladan Xitoy, Hindiston va Yaqin Sharqni muzokaralarga jalb etish niyatida, deya ta’kidladi Uolts. Shuningdek, u, agar Moskva muloqotdan bosh torsa, Tramp Rossiyaga qarshi «soliqlar, tariflar, sanksiyalar» joriy etishdan qo‘rqmasligini qo‘shimcha qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21214 | Инструменты