Huawei 1
BMT: Rossiya amaldorlari ukrainalik asirlarni o‘ldirishga chaqirgan

Ukrainadagi urushda rus harbiylari tomonidan asirga olingan ukrainalik askarlarga qarshi repressiyalar soni keskin oshdi. BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasining 3 fevral, dushanba kuni chop etilgan yangi hisobotiga ko‘ra, bunday qatllarni Rossiya rasmiylari qisman rag‘batlantirmoqda.

Ukraina Qurolli kuchlarining kamida 79 askari olti oy ichida qatl etildi

BMT kuzatuvchilari ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil avgust oyi oxiridan buyon 24 ta alohida hodisada 79 ta shunday suddan tashqari qatl kuzatilgan. Bir marta Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan yaralangan rus askarining o‘ldirilishi aniqlangan.

«Ko‘plab ukrainalik harbiy asirlar taslim bo‘lgandan keyin yoki Rossiya Qurolli kuchlari nazorati ostida bo‘lganida, voqea joyida otib tashlandi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, qurolsiz va yarador ukrainalik harbiylarning o‘ldirilgani ham kuzatilgan», — deya xabar beradi BMT missiyasi.

Uning ta’kidlashicha, qatllar Ukrainaning sharqiy hududlarida Rossiya Qurolli kuchlari hozirda oldinga siljigan hududlarda amalga oshirilgan.

Rossiyada qatl etish haqidagi chaqiriqlar yangrayapti

«Bu hodisalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. Rossiya Federatsiyasi rasmiylari asirga olingan ukrainalik harbiy xizmatchilarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishga va hatto qatl etishga ochiq chaqirishdi, - dedi missiya rahbari Daniel Bell. - Javobgarlikdan ozod qilish uchun keng asoslarni ta’minlovchi qonunlar bilan birga, bunday bayonotlar noqonuniy xatti-harakatni rag‘batlantirishi yoki uni qo‘zg‘atishi mumkin».

2024 yilda BMT missiyasi rossiyalik amaldorlarning kamida uchta shunday chaqirig‘ini, shuningdek, «Rossiya kuchlariga aloqador qurolli guruhlarning o‘limga buyruq bergan yoki bunday harakatlarni ma’qullagan ko‘plab ijtimoiy tarmoqlardagi postlarini» qayd etgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining eslatishicha, «shafqat bermaslik» yoki «hech kimni tirik qoldirmaslik» haqidagi buyruq va chaqiriqlar xalqaro gumanitar huquqning buzilishi va urush jinoyati hisoblanadi.

«Harbiy qo‘mondonlar va siyosiy rahbarlar asirga olingan barcha harbiy xizmatchilar va jangovar harakatlarda qatnashmaydigan shaxslarni himoya qilish va ularga insoniy munosabatda bo‘lishni ta’minlash bo‘yicha aniq buyruqlar berishi kerak», — deya xulosa qildi Bell.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20417 | Инструменты