Huawei 1
Donald Trampga uyushtirilgan suiqasd haqida nimalar ma’lum?

Ikkinchi muddatga qayta saylanish uchun kurashayotgan AQSHning 45-prezidenti Donald Trampga 14-iyul kuni saylovoldi mitingda suiqasd uyushtirildi. Tramp saylovoldi tashviqoti vakilining xabar berishicha, sobiq prezidentning ahvoli “yaxshi” va u mahalliy tibbiyot muassasasiga yotqizilgan.

Tuman prokurorining so‘zlariga ko‘ra, Tramp o‘qdan jarohatlangan. 

CBS News’ga ko‘ra, voqea sodir bo‘lganidan taxminan uch soat o‘tgach, sobiq prezident allaqachon kasalxonani tark etgan.

Voqea natijasida halok bo‘lganlar bor — Batler tuman prokurori miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘lgani, yana bir kishi esa og‘ir ahvolda ekanini aytgan. Otishma Maxfiy xizmat tomonidan bartaraf etilgan. Hozircha gumonlanuvchining shaxsi haqida ma’lumot yo‘q.

"Bu hodisa qotillikka urinish sifatida baholanmoqda", deb yozadi CNN.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Trampga o‘q uzgan shaxs tadbirda emas, balki yaqin atrofdagi binoning tomida bo‘lgan. Butler tuman prokurori Richard Goldinger qurollangan shaxs uy tomida bo‘lganini va bir necha yuz yard masofadan o‘q uzganini tasdiqlagan. Otishma joyidan AR-15 yarim avtomatik miltiq topilgan.

Miting ishtirokchilaridan biri u va boshqalar otishma sodir bo‘lishidan bir necha daqiqa oldin miltiq bilan sahnaga chiqqan shaxsni ko‘rgan va politsiyani ogohlantirishga uringan, ammo natija bo‘lmagan.

Prezident Jo Bayden Trampning xavfsiz ekanini hamda o‘zini yaxsh his qilayotganini eshitganidan xursand ekanini aytgan.

U Amerikada bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘qligini ta’kidlagan. Bayden kampaniyasi voqea tufayli televideniye reklamasini to‘xtatgan. Otishmadan bir necha soat o‘tib, Oq uy Bayden Tramp bilan gaplasha olganini aytgan. Suhbat tafsilotlari keltirilmagan.

Har ikki yirik partiyaning amerikalik siyosatchilari Trampni qo‘llab-quvvatlovchi va siyosiy zo‘ravonlikni qoralovchi bayonotlar bilan chiqmoqda. Ilon Mask bo‘lajak saylovlarda Trampni “to‘liq” qo‘llab-quvvatlashini va uning tezroq tuzalib ketishiga umid qilishini aytgan. 

Tramp voqeadan ikki soatdan sal ko‘proq o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda voqeaga izoh bergan.

"Men otishmaga tezkor javob bergani uchun Qo‘shma Shtatlar Maxfiy xizmati va barcha huquq-tartibot idoralariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Mitingda halok bo‘lgan shaxsning oila a’zolariga hamda og‘ir jarohat olgan yana bir kishining oila a’zolariga hamdardlik bildiraman. Bu bizning mamlakatimizda sodir bo‘lishi ajablanarli. Hozirda allaqachon o‘lgan jinoyatchi haqida hech narsa ma’lum emas", deydi Tramp.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91700 | Инструменты