AQSh prezidenti bu mashinani 2007 yilda, sotuvga chiqarilgan zahoti sotib olgan.
AQShda ilgari prezident Donald Trampga tegishli bo‘lgan ikki o‘rinli Ferrari F430 Coupe avtomobili auksionda sotiladi. Rockstar avtomobil auksion uyi veb-saytida xabar berilishicha, siyosatchi bu mashinani 2007 yilda, sotuvga chiqarilgan zahoti sotib olgan.
Mashina chindan ham Trampga tegishli ekanini isbotlash maqsadida, Rockstar DJT (Donald John Trump) harflari tushirilgan hujjatlar va davlat raqamini e’lon qildi. Siyosatchi avtomobilga qancha vaqt egalik qilgani hozircha noma’lum.
Auksion uyi sportkarni 1 million dollarga baholadi. Auto Bild nemis nashri ma’lumotlariga ko‘ra, bu avtomobilning bozor narxidan besh baravar qimmat. Xususan, Germaniyada bunday avtomobillar odatda 150-180 ming dollarga sotiladi.
Lotning tavsifida mashina a’lo darajada ekani ko‘rsatilgan. Ferrari biror marta avariyaga uchramagan, bo‘yog‘i esa maxsus plyonka bilan himoyalangan. Avtomobil rangi qizil, och jigarrangdagi saloni mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Sportkar 3,9 soniyada 100 km/soatgacha tezlashadi, uning eng yuqori tezligi esa 315 km/soatni tashkil etadi.
Auksion 16 fevraldan 9 martgacha bo‘lib o‘tadi. Rockstar saytida allaqachon avtomobil uchun stavkalar qabul qilinmoqda.
2024 yilda Donald Trampning noyob Lamborghini Diablo VT Roadster avtomobili 1,1 million AQSh dollariga sotilgandi. “Chempionat” nashrining yozishicha, mazkur avtomobil 1997 yilda shaxsiy buyurtma asosida ishlab chiqarilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12709 | Инструменты