Huawei 1
O‘zbekistonda mansabdorlar 2024-yilda ko‘proq qanday jinoyatlar sodir etgani ma’lum qilindi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mansabdor shaxslarning 2024-yildagi jinoyatchiligi tahlilini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2024-yilda 3821 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 4906 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi. Bu ko‘rsatkich 2023-yildagiga nisbatan ortgan (3575 nafar mansabdorga 3412 ta jinoyat ishi).

2024-yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdorlarning 71 nafari respublika miqyosidagi xodimlar, 410 nafari viloyat miqyosidagi xodimlar, 4425 nafari tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar bo‘lgan. O‘tgan yilgi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda, respublika miqyosidagi xodimlarning jinoiy javobgarlikka tortilishi holatlari ko‘paygan.

Foto: Bosh prokuratura

Ularning qilmishi ortidan 2024-yilda 3 trillion  608 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan, shundan 65 foizi undirilgan (2 trillion 343 milliard so‘m).

Javobgarlikka tortilgan mansabdorlar eng ko‘pi — 2929 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish jinoyatini sodir etgan. Undan keyingi o‘rinda firibgarlik jinoyati — 447 nafar. Pora oldi-berdisi, unda vositachilik qilish jinoyati esa uchinchi o‘rinda — 353 nafar.

Mansabdorlarning 226 nafari mansab vakolatini suiiste’mol qilgan, 13 nafari hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan, yana 13 nafari mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘ygan, 40 nafari mansabga sovuqqonlik bilan qaragan. Qolgan 885 nafari esa boshqa jinoyatlarni sodir etgan.

Eslatib o'tamiz, 2024-yilda respublika bo‘yicha jami 6 ming 898 nafar shaxs tomonidan 5 ming 716 jinoyat sodir etilgan. 2023-yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati, Suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12713 | Инструменты