Huawei 1
Isroil ozod qilgan falastinliklar Ramallohda tantana bilan kutib olindi

Isroilning HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv doirasida ozod qilgan 114 nafar falastinlik G‘arbiy Sohildagi Ramalloh shahriga yetib bordi. Bu haqda “Al-Qahera News” xabar berdi.

Isroil qamoqxona xizmati jami 200 nafar falastinlik mahbusning ozod etilganini xabar qildi. Ramallohga yuborilganlardan tashqari yana 70 nafari Misrga, 16 nafari G‘azo sektoriga jo‘natildi.

O‘z navbatida, HAMAS garovga olingan to‘rt nafar isroillik ayolni Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga topshirdi. Naami Levi, Karina Ariyev, 20 yoshli Daniel Gilboa va 19 yoshli Liri Albag ozodlikka chiqdi. Ularning barchasi harbiy xizmatchilar bo‘lib, 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga hujum paytida HAMAS tomonidan asirga olingan.

Ozodlikka chiqqan mahbuslar baland hayqiriqlar bilan kutib olindi.

“Xudo panohida saqlasin! Bu aql bovar qilmaydigan tuyg‘u, men buni tasvirlab berolmayman! Men 6 yil-u 2 oyni qamoqda o‘tkazdim”, dedi ozodlikka chiqqan Bakker Kvaavish.

Ozodlikka chiqqan isroillik mahbuslarning eng kichigi 16 yoshda, eng yoshi kattasi Muhammad al-Tousu 69 yoshda edi. U 1985 yilda Isroil qo‘shinlariga qarshi kurash chog‘ida hibsga olingan va 39 yil qamoqda o‘tirgan. Qayd etilishicha, ozod etilganlarning 121 nafari umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan edi.

19 yanvar kuni isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga birinchi almashish bo‘lib o‘tdi. HAMAS G‘azodagi Saraya maydonida uch nafar isroillik ayolni ozod qilib, Xalqaro Qizil Xoch jamiyatiga topshirdi. Kelishuv doirasida Isroil 20 yanvarga o‘tar kechasi 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.

HAMAS qo‘l ostidagi 97 nafar isroillikdan 33 nafari olti hafta ichida ozod etilishi kerak. Har bir tinch aholi uchun Isroil 30 nafar falastinlikni, har bir harbiy xizmatchi uchun esa 50 nafar falastinlikni ozod qilishi belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12712 | Инструменты