Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabalar turar joyining 3-qavatidan o‘zini pastga tashlab, og‘ir tan jarohati olgan talaba qiz vafot etdi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 25-yanvar kuni e’lon qilgan axborotida ma’lum qilinishicha, voqea 2024-yil 12-dekabr kuni sodir bo‘lgan.
Bir oydan ortiq muolajalar qilinib, qizga tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Prokuratura surishtiruv natijalariga ko‘ra, mazkur holat shaxsiy muammolar sababli sodir bo‘lgani aniqlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan. Shuningdek, bunday holatlarning oldini olish maqsadida suitsidga qarshi profilaktika ishlarini kuchaytirish tavsiya etilgan.
“Marhuma qizning dafn marosimi yaqinlari ishtirokida o‘tkazildi. Institut rahbariyati oilasiga moddiy-maʼnaviy yordam ko‘rsatib, og‘ir kunlarda ular bilan birga bo‘ldi”, deyiladi xabarda.
Vazirlik hozirda talabalar turar joylarida xavfsizlikni taʼminlash uchun maxsus qoidalar joriy etilganini, kunlik nazorat va psixologik ko‘mak yo‘lga qo‘yilganini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq, Farg‘ona viloyati Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi o‘z joniga suiqasd qilib, institut talabalar turarjoyining 3-qavatidan o‘zini tashlagani xabar qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12710 | Инструменты