Bir kecha-kunduz — 24 soat, olimlar inson salomatligini saqlash va kunlik charchoqdan so‘ng organizm tiklanishi uchun mana shu vaqtning kamida to‘rtdan bir qismini uxlashga sarflashni tavsiya qilishadi. Xo‘sh, uyqu masalasi jonivorlarda «qanday yo‘lga qo‘yilgan», ularning qaysi biri eng ko‘p uxlaydi — bu haqda IFLScience yozmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, bir sutkada eng ko‘p uxlash bo‘yicha jonivorlar o‘rtasida chempion — Avstraliya ramzlardan sanalgan koala. Evkalipt daraxtlarini manzil qilgan koalalar bir sutkada 18-22 soat uxlaydi.
Xo‘sh, nega koalalar ko‘p uxlaydi?
Bu ularning ratsioni bilan bevosita bog‘liq. Koala bir kunda 500 grammga yaqin barg yeydi — evkalipt ko‘p quvvat (energiya) bermaydi. Uning tarkibi taxminan 5 foiz shakar va kraxmaldan iborat, xolos.
Yana bir tomoni, evkalipt barglari zaharli — agar inson koala kabi miqdorda barg yeganida halok bo‘lardi. Koalada esa bu zaharga qarshi maxsus ovqat hazm qilish tizimi shakllangan. Biroq bu tizimning eng katta kamchiligi — juda ko‘p energiya talab qilishidir. Shu bois koalalar kunning asosiy qismini uyquda o‘tkazib, quvvatini tejashga majbur.
Bedor chumolilar
Olimlarning kuzatuvlariga ko‘ra, jonivorlar orasida eng faol va mehnatkashi — olov chumolilar (Solenopsis invicta) — ular kuniga jami hisoblaganda 4 soat va 48 daqiqa uxlaydi. Ammo shunisi ham borki, bu hasharotlar kuniga aql bovar qilmas 253 marta uxlab olishga ulgurishadi va har bir uyqu seansi bir daqiqadan sal oshadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31904 | Инструменты