Starmerni avvalo Vazirlar mahkamasi aʼzolari, so‘ngra parlamentdagi Leyboristlar fraksiyasi jamoasi ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatladi.
BBC muxbirlarining xabar berishicha, fraksiya aʼzolari bilan uchrashuvda deputatlar Starmerni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Uchrashuv yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan. Ammo keyinroq Dauning-strit bosh vazirning nutqidan parchalarni eʼlon qildi.
"Men har qadamimda dushmanlar bilan to‘qnash keldim. Lekin men mamlakatimizni rivojlantirish uchun bor kuchim bilan harakat qildim. Shunday ekan men hozirgi vaziyatda o‘z lavozimimdan voz kechishni maʼqul ko‘rmayman", — degan Starmer.
Maʼlumotlarga ko‘ra, partiya ichidagi raqobatchilar Starmerni Leyboristlarning reytingi keskin tushib ketishida, muxolifat esa mamlakat va uning iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha aniq reja va yagona strategiyaga ega emaslikda ayblamoqda.
Bosh vazirni almashtirish haqida yangi gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan voqea lord Piter Mandelson atrofidagi mojaro hisoblanadi. U uzoq yillardan beri pedofil Jeffri Epshteyn bilan aloqada bo‘lgan va o‘tgan yili Buyuk Britaniyaning AQSHdagi elchisi etib tayinlangan edi. Starmer bu qarordan chuqur afsusda ekanini bildirdi.
Shuningdek, yakshanba va dushanba kunlari bosh vazirning ikki asosiy maslahatchisi isteʼfoga chiqdi. Leyboristlar partiyasining Shotlandiyadagi yetakchisi Anas Sarvar esa Starmerni lavozimidan ketishga chaqirdi.
"Shunga qaramay, Starmerni partiya yetakchiligiga nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nechta shaxslar qo‘llab-quvvatladi. Bosh vazir uchun xavf hali ham mavjud. Epshteyn mojarosidan tashqari, 26 fevralda parlament okruglaridan birida, may oyida esa Angliya, Shotlandiya va Uelsda mahalliy saylovlar o‘tkaziladi. Agar Leyboristlar kutilganidek natija ko‘rsata olmasa, Starmerning isteʼfosi ehtimoli yana-da kuchayadi", deyiladi BBC xabarida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21016 | Инструменты