AQSh 22-iyun kuni Eronning uchta yadroviy obyektiga bergan zarbalari uchun javob olishi kerak. Bu haqda mamlakat prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon fransuz hamkasbi Emmanuel Makron bilan telefon orqali suhbatda ma’lum qildi.
Eron prezidenti ta’kidlashicha, tungi hujumlar Amerika tomonining tinch muloqot borasidagi “bayonotlari asossizligidan” dalolat beradi.
AQSh bilan uchrashuvlarda biz ishonch haqida gaplashdik, ammo amalda AQSH boshqacha yo‘l tutdi va bizning yadroviy obyektlarimizga hujum qildi. Amerika bizga hujum qildi. Bunday vaziyatga tushib qolganingizda nima qilgan bo‘lardingiz? Tabiiyki, ular o‘z tajovuzlariga javob olishi kerak, dedi Mas’ud Pezeshkiyon.
Siyosatchiga ko‘ra, avvaliga AQSh vakillari “Eron yadro dasturining tinchligini” ta’minlashga intilgan va Tehron bu muhokamani olqishlagan. Biroq muzokaralar avj pallasida Vashington “sionistik rejim (Isroil) bilan to‘liq muvofiqlashgan holda” harakat qilgan.
Biz har doim xalqaro huquq doirasida hamkorlik qilishga va muzokaralar olib borishga tayyorligimizni bildirganmiz, ammo buning o‘rniga boshqa tomon Eron xalqining taslim bo‘lishini talab qildi. Bizning xalqimiz hech qachon kuch va qo‘rqitishga bo‘ysunmaydi, tabiiyki, tajovuzga mos ravishda javob qaytaradi, deya qo‘shimcha qilgan Eron prezidenti.
Fransiya prezidenti, o‘z navbatida, Eronni keskinlikni yumshatish va muloqotni tiklashga chaqirgan.
Kechagi zarbalardan so‘ng, men Eronni mazkur xavfli vaziyatda diplomatik yo‘llarga qaytish imkonini berish uchun maksimal darajada vazmin bo‘lishga chaqirdim. Muloqot, Eron yadro qurolidan butunlay voz kechishini aniq kafolatlash yoki butun mintaqa uchun yanada og‘irroq oqibatlarga duch kelish xavfi. Bu — barcha uchun tinchlik va xavfsizlik olib keladigan yagona yo‘l, deya yozdi Makron o‘zining X’dagi sahifasida.
AQShning Eronga hujumi
AQSh 22-iyunga o‘tar kechasi Erondagi uchta yadroviy obyektga zarba berdi. Soat 2:30 atrofida Amerikaning B-2 samolyotlari tog‘ ichida joylashgan Fordodagi uranni boyitish markaziga hujum qilib, unga kamida o‘nlab tonnalik GBU-57 bunkerga qarshi bombalarini tashladi. Operatsiya “Yarim tun bolg‘asi” nomini olgan va uning doirasida nishonlarga 75 ta bomba tashlangan.
Bir vaqtning o‘zida suvosti kemalari Natanz va Isfahondagi obyektlarga 30 ga yaqin Tomahawk qanotli raketalarini uchirdi. Tramp nishonlar “to‘liq yo‘q qilinganini” e’lon qildi. Eron harbiylari AQSH hujumiga javoban Isroilga ballistik raketalar uchirdi va birinchi marta 2 ming kilometr masofaga uchadigan eng yangi Kheibar modelini qo‘lladi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mojaroga diplomatik yechim ko‘rmayotganini aytdi. U Putin bilan uchrashish uchun 23-iyun kuni tunda Moskvaga uchib keldi. Aroqchi AQSh prezidenti “nafaqat Eronga, balki o‘z xalqiga ham” xiyonat qilganini aytdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62315 | Инструменты