Huawei 1
Germaniya o‘z fuqarolarini Livandan evakuatsiya qilmoqda

Germaniya qurolli kuchlari — Bundesver — «Hizbulloh» harakati nishonlariga Isroil havo hujumlari davom etayotgani munosabati bilan Germaniya fuqarolarini Livandan evakuatsiya qilish uchun transport samolyotini yubordi. Bu haqda 30 sentabr, dushanba kuni mamlakat Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Livanda bo‘lishi shart bo‘lmagan Germaniya elchixonasi xodimlari, diplomatlarning qarindoshlari, shuningdek, tibbiy sabablarga ko‘ra alohida xavf ostida bo‘lgan Germaniya fuqarolari Bayrutdan Berlinga olib ketiladi. Germaniyaga uchgan samolyot bortida jami 110 kishi bor, deya xabar beradi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi.

Ushbu vazirlikning rasmiy vakiliga ko‘ra, hozirda Livanda 1800 ga yaqin Germaniya fuqarosi qolmoqda. Yaqin Sharqdagi vaziyat yomonlashgani sababli Berlindagi hukumat o‘tgan yilning oktyabr oyidan beri vatandoshlarini Livanni tark etishga chaqirib keladi.

Isroil mudofaa kuchlari va «Hizbulloh» jangchilari o‘rtasidagi shiddatli janglar tufayli Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Bayrut, Tel-Aviv va G‘arbiy sohildagi Ramallah shahridagi elchixonalariga tahdid darajasini oshirib, bir qator fuqarolarni «diplomatik evakuatsiya» qilishni boshladi. Shu bilan birga, elchixonalar o‘z faoliyatini davom ettiradi, deya ta’kidladi Germaniya rasmiylari.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100116 | Инструменты