Hindiston bosh vaziri Narendra Modi AQShga bo‘lajak tashrifi oldidan muhim iqtisodiy sohalarda Amerika mahsulotlariga bojlarni kamaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi manbalarga tayanib xabar bermoqda. Unga ko'ra, Hindiston hukumati AQSh eksport hajmini oshirish va yangi Amerika ma’muriyati bilan savdo urushining oldini olish maqsadida bu qadamni tashlashga tayyor.
Qayd etilishicha, bojlarni kamaytirish choralari elektronika, tibbiy uskunalar va kimyo sanoati mahsulotlari kabi turli tarmoqlarga ta’sir qilishi mumkin. Nashrga ko‘ra, bojxona tariflari bo‘yicha muzokaralar Nyu-Dehlining ichki ishlab chiqarishni mustahkamlash va investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan strategiyasining bir qismidir.
Hindiston hukumati bu imkoniyatni Narendra Modining AQShga 12-fevral, chorshanba kuni boshlanadigan tashrifi oldidan ko‘rib chiqmoqda. Bunday qaror Vashington va Nyu-Dehli o‘rtasidagi savdo urushining oldini olish uchun qabul qilinishi mumkin, chunki AQSh hukumati barcha mamlakatlardan import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga 25% boj joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
2018-yilda Donald Tramp ma’muriyati Hindistondan import qilinadigan po‘lat va alyuminiy bojlarini oshirgan edi. Bunga javoban Nyu-Dehli 29 ta Amerika mahsulotlariga, jumladan, oziq-ovqat va metallurgiya mahsulotlariga bojlarni oshirish orqali javob qaytargan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21104 | Инструменты