Huawei 1
Hisobot: Ukrainalik bolalarni deportatsiya qilishda Putinning samolyotlari va mablag‘laridan foydalanildi

Bosib olingan Ukraina hududlaridan deportatsiya qilingan bolalarning Ukraina fuqaroligi bekor qilindi, ularni rus oilalariga joylashtirishda Rossiya prezidentining samolyotlari va mablag‘laridan foydalanildi. Bu haqda Yel sog‘liqni saqlash maktabi tomonidan e’lon qilingan hisobotda ma’lumot berildi.

AQSh Davlat departamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlangan tadqiqotda Ukrainani tizimli ravishda ruslashtirish bo‘yicha Kreml tomonidan moliyalashtirilgan dastur doirasida urushning dastlabki oylarida Rossiyaga olib kelingan 314 nafar ukrainalik bolalar haqida batafsil maʼlumotlar berilgan.


2023-yil mart oyida Xalqaro jinoiy sud (XJS) Vladimir Putin va Rossiyaning bolalar masalalari bo‘yicha komissari Mariya Lvova-Belovani ukrainalik bolalarni deportatsiya qilish bilan bog‘liq harbiy jinoyatda ayblab, hibsga olishga order bergan edi.

Reuters nashriga taqdim etilgan yangi hisobotda deportatsiya dasturi va unga aloqador bo‘lganlar bilan bog‘liq tafsilotlar, jumladan, dastur va Putin o‘rtasidagi ilgari noma’lum bo‘lgan aloqalar keltirilgan.

Yel gumanitar tadqiqot laboratoriyasi ijrochi direktori, tadqiqotchi Nataniel Raymond tadqiqot natijalarini BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan. Raymondga ko‘ra, hisobot “Ukrainalik bolalarning deportatsiyasi Kreml boshchiligidagi tizimli dasturning bir qismi” ekanidan dalolat beradi.

Majburiy ko‘chirish xalqaro huquqqa ko‘ra insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi. Insoniyatga qarshi jinoyatlar, odatda, Putin ham ayblayotgan harbiy jinoyatlardan ham jiddiyroq hisoblanadi.

Tadqiqot 20 oy davomida Rossiya hukumatining farzand asrab olish haqidagi uchta maʼlumotlar bazasidan olingan maʼlumotlarga asoslangan.

“Yel tergovi taklif etilayotgan dasturning moddiy-texnik ta’minoti va moliyalashtirilishini belgilab berdi va 314 nafar bolaning shaxsini tasdiqladi”, dedi Raymond.

Tadqiqot Davlat departamentining prezident Jo Bayden boshchiligidagi Rossiya va Ukrainadagi rossiyaparast kuchlar tomonidan xalqaro huquq buzilishi va insoniyatga qarshi jinoyatlarni hujjatlashtirish tashabbusi doirasida o‘tkazildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120422 | Инструменты