Huawei 1
Italiyada Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tadi

2025 yilda Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiya Italiyada bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 10 oktyabr, payshanba kuni Rimda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvdan so‘ng bosh vazir Jorja Meloni ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbir 10-11 iyul kunlariga mo‘ljallangan.

«Ukraina yolg‘iz emas va biz uni kerak bo‘lgunicha qo‘llab-quvvatlaymiz», — deya Meloni so‘zlarini keltiradi AFP. 

Unga ko‘ra, Italiyaning qo‘llab-quvvatlashi Kiyevga «taslim bo‘lish varianti bo‘lmaydigan tinchlik uchun muzokaralarni boshlashda eng yaxshi imkoniyat» berishi kerak.

Avvalroq, Ukrainani tiklash bo‘yicha shunga o‘xshash konferensiyalar Londonda (2023 yil 21-22 iyun) va Berlinda (2024 yil 11-12 iyun) bo‘lib o‘tgan. 2024 yil 15-16 iyun kunlari Shveytsariyaning Byurgenstok kurort shahrida Ukraina bo‘yicha tinchlik konferensiyasi ham o‘tkazildi.

Vladimir Zelenskiyning Yevropaga safari

Rimga borishdan oldin Vladimir Zelenskiy Londonga tashrif buyurdi, u yerda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan, Parijda esa Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokaralar o‘tkazdi. Zelenskiy uning Yevropa poytaxtlariga safari Rossiya bilan ehtimoliy sulh shartlarini muhokama qilish niyatiga bog‘liqligi haqidagi ma’lumotni rad etdi. 

«Men ba’zi ommaviy axborot vositalarida sulh haqida gapirish uchun kelganim yozilganini ko‘rdim, bu yolg‘on ma’lumot», dedi Ukraina prezidenti Makron bilan uchrashuvdan keyin. 

Zelenskiyning fikricha, bunday mish-mishlarning tarqalishi ortida Rossiya turibdi.

Shu bilan birga, u ittifoqchilarni Ukrainaga yordam berishni davom ettirishga chaqirdi: «Bizga qishgacha yordam kerak».

11 oktyabr kuni ertalab Zelenskiy Vatikanda Rim papasi Fransisk bilan uchrashishi kutilmoqda. Kunning ikkinchi yarmida u Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan ko‘rishishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101119 | Инструменты