Huawei 1
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Yaponiyadagi yadro portlashlari qurbonlarini birlashtirgan Nixon Hidankyo tashkilotiga topshirildi

Tinchlik bo‘yicha 2024-yilgi Nobel mukofoti “yadroviy quroldan xoli dunyoga erishishdagi saʼy-harakatlari uchun Yaponiyaning atom bombasidan omon qolganlarni birlashtirgan Nihon Hidankyo tashkilotiga berildi.

Nobel qo‘mitasi tashkilotni “yadro qurollari hech qachon qayta ishlatilmasligi kerakligini guvohlar ko‘rsatmalari orqali namoyish etgani uchun” olqishladi. Hibakusha nomi bilan ham tanilgan tashkilot 1945-yilda Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalaridan omon qolganlar tomonidan tuzilgan.

“Bir kun kelib, Xirosima va Nagasakidagi atom bombasidan omon qolganlar tarix guvohi sifatida oramizda bo‘lmaydi. Biroq, kuchli xotira madaniyati va uzluksiz fidoyilik tufayli Yaponiyadagi yangi avlodlar guvohlarning tajribasi va xabarini davom ettirmoqda”, deya qo‘mita Osloda o‘z qarorini e’lon qildi.

Qo‘mita Nihon Hidankyoni yadroviy taqiqni saqlab qolishga qo‘shgan hissasi uchun maqtadi va buni “insoniyatning tinch kelajagi uchun zaruriy shart” atadi.

“Kelasi yil Amerikaning ikkita atom bombasi Xirosima va Nagasaki shaharlarida taxminan 120 ming kishining hayotiga zomin bo‘lganiga 80 yil to‘ladi. Keyingi oylar va yillar davomida yana shuncha odam kuyish va nurlanish oqibatida vafot etgan.

Xirosima va Nagasaki do‘zaxidan omon qolganlar, ya’ni Hibakushalarning taqdiri uzoq vaqt sir tutilgan va e’tibordan chetda qolgan. 1956-yilda mahalliy Hibakusha uyushmalari yadroviy qurol sinovlari qurbonlari bilan birgalikda A- va H-bombadan jabrlangan shaxslarning Yaponiya Konfederatsiyasini tuzdi. Bu tashkilot yaponchada qisqacha Nihon Hidankyo deb atala boshlandi. U keyinchalik Yaponiyadagi eng yirik va ta’sirli Hibakusha tashkilotiga aylandi”, deyiladi qo‘mita xabarda.

Laureatlarni taqdirlash marosimi Stokgolmda 10-dekabr kuni, Alfred Nobel vafot etgan kuni bo‘lib o‘tadi. 2024-yilda mukofot miqdori 11 million shved kronasi yoki taxminan 1,06 million dollarni tashkil etadi. Pul mukofotidan tashqari, Shvetsiya qiroli sovrindorlarga medal va diplomlarni topshiradi.

14-oktyabrda Shvetsiya banki tomonidan 1968-yilda ta’sis etilgan Alfred Nobel mukofotining iqtisod bo‘yicha sovrindori ma’lum bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101119 | Инструменты