Seul markaziy okrugi prokuraturasi tekshiruvdan so‘ng Janubiy Koreya prezidentining rafiqasi Kim Kon Xiga nisbatan korrupsiya bo‘yicha qo‘yilgan ayblovni bekor qildi.
Ayblovlar Kim Kon Xi turli sovg‘alar, jumladan, 2,2 ming dollarlik Dior sumkasi olgani bilan bog‘liq janjaldan keyin ilgari surilgandi, deb yozadi The Korea Times.
Janjal o‘tgan yil oxirida boshlangan. O‘shanda asli koreyalik bo‘lgan AQSHda yashovchi ruhoniy Choy Chje prezidentning rafiqasini halolligini sinab ko‘rish uchun unga Dior sumkasini sovg‘a sifatida olib kelgani haqidagi video internetda keng tarqaldi.
Ruhoniy sumkani sotib olish va uni sovg‘a sifatida taqdim etish jarayonini videoga oldi. Videoda Koreya prezidenti rafiqasi bunday qimmat narsalarni berishning hojati yo‘qligini aytadi, lekin baribir sumkani oladi.
Video prezident Yun Sok Yol obro‘siga katta zarba berdi, uning norozilik reytingi 58 foizdan 63 foizga ko‘tarildi. Natijada aprel oyida uning “Xalq kuchi” partiyasi parlament saylovlarida mag‘lub bo‘ldi.
Seul markaziy okrugi prokuraturasi 10 oylik tergovdan so‘ng ayblovlarni olib tashlashga qaror qildi. Prokuraturaning bayon qilishicha, ruhoniydan qimmatbaho sumka va boshqa sovg‘alarni olish Kim xonimning rasmiy vazifalariga aloqador emas. Shu bilan birga, u mazkur sovg‘alar uchun ruhoniyga manfaat keltiruvchi hech qanday qarorlarga qo‘l urmagan.
Tergov aniqlaganidek, sumkadan hech qanday tarzda foydalanilmagan. Prokuraturaning taʼkidlashicha, poraxo‘rlikka qarshi qonunda davlat amaldorlarining turmush o‘rtoqlarini jazolashni nazarda tutuvchi bandlar mavjud emas.
Ayni paytda Kim Kon Xi boshqa tergovga ham jalb qilinganini qayd etish zarur.
Jumladan, u aksiyalar narxini manipulyatsiya qilishda ishtirok etish va aprel oyidagi saylovlarga nomzod ko‘rsatish jarayoniga aralashuvda gumonlanmoqda. Tergov ishlari prokuratura va korrupsiyaga qarshi kurash komissiyasi tomonidan olib borilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122117 | Инструменты