Huawei 1
Makron: AQSh Yevropa Ittifoqi tariflaridan foyda ko'rmaydi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron AQShni Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan savdo urushini boshlamaslik haqida ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan Yevropa Ittifoqidan keladigan mahsulotlarga bojxona tariflarini joriy etish Amerika iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin. Makronning fikricha, AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotiga zarar yetkazishga urinmasdan, boshqa muammolarga e’tibor qaratishi lozim.

“Birinchidan, Yevropa Ittifoqi sizning asosiy muammoingizmi? Sizning birinchi muammoingiz – Xitoy, shuning uchun diqqatni shunga qaratishingiz kerak. Ikkinchidan, Yevropa – sizning ittifoqchingiz. Agar siz Yevropaning investitsiyalar va mudofaa masalalariga ko‘proq e’tibor berishini istasangiz, agar siz rivojlanishga umid qilsangiz (menimcha, bu AQSh manfaatlariga mos keladi), tariflar bilan tahdid qilib, Yevropa iqtisodiyotiga zarar yetkazishingiz shart emas”, – dedi Fransiya prezidenti CNN’ga bergan intervyusida.

Emmanuel Makron shuningdek, Yevropa Ittifoqiga qarshi bojxona tariflarining AQShda inflyatsiya va narxlarning oshishiga olib kelishini ta’kidladi. U Donald Trampni Ukrainadagi va Yaqin Sharqdagi mojarolar, shuningdek, Xitoy bilan qarama-qarshilikka e’tibor qaratishga chaqirdi.

3-fevral kuni AQSh prezidenti Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan mahsulotlarga qo‘shimcha tariflar joriy etilishiga kafolat berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning Yevropa bilan savdo balansidagi kamomadi 300–350 milliard dollardan oshadi. Donald Tramp avvalroq Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga bojlar joriy qilgan, shuningdek, Kanada va Meksikadan keladigan tovarlarga ham tariflar belgilash bilan tahdid qilgan edi. Bu 1-fevraldan kuchga kirishi kerak edi, ammo prezident ushbu davlatlar rahbariyati bilan muzokaralardan so‘ng bojxona tariflarini bir oyga kechiktirishga qaror qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21101 | Инструменты