Aleksey Navalniy bilan ommaviy vidolashuv shu ish haftasi oxirida rejalashtirilgan va muxolifatchining safdoshlari uni o‘tkazish mumkin bo‘lgan joyni qidirmoqda. Bu haqda 26-fevral, dushanba kuni Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish ma’lum qilgan.
“Biz Aleksey bilan shu hafta oxirida o‘tkaziladigan ommaviy vidolashuv uchun joy qidiryapmiz. Agar sizda mos joy bo‘lsa, biz bilan bog‘laning”, — deb yozgan Yarmish X ijtimoiy tarmog‘ida.
Avvalroq bir qancha Telegram kanallari muxolifatchining dafn marosimi 29-fevralga belgilangani haqida xabar bergandi. Biroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi direktori Ivan Jdanov bu xabarlarni yolg‘on deb atagan.
“29-fevraldagi dafn marosimi va ba’zi kanallarimizdagi dafn marosimi haqidagi barcha ma’lumotlar soxta. Yuliya Navalnayaning Telegram’dagi ba’zi kanallari kabi bu ham soxta”, — deb yozgan u o'zining Telegram sahifasida.
Eslatib o'tamiz, Aleksey Navalniyning o‘limi haqida 16-fevral kuni Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasi ma’lum qilgan edi. Siyosatchining jasadi onasi Lyudmila Navalnayaga faqat 24-fevral kuni berilgan. Bundan oldin tergovchilar uni shantaj qilib, yashirin dafn marosimini o‘tkazishni talab qilgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20519 | Инструменты