Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainani qurolsizlantirish va mamlakatda rossiyaparast hukumat tuzilishiga qarshi chiqdi. Bu haqda u 2 mart, yakshanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan sammit yakunida aytib o‘tdi.
«Bu hujumga uchragan, katta tajovuz qurboni bo‘lgan mamlakat. Bu hamma uchun inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Va, albatta, bu biz ham shunga yarasha harakat qilishimiz kerakligini anglatadi», deb aytgan Shols. Unga ko‘ra, «Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga qaror qilgan Yevropa davlati. Bu demokratik davlat va shunday bo‘lishi kerak».
«Bizga yana bir narsa ayonki, bu Ukrainani ham moliyaviy, ham harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashimiz kerakligini anglatadi. Ukrainani xalqaro va transatlantik qo‘llab-quvvatlash mamlakat va Yevropa xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda», — deya davom etdi Germaniya kansleri.
Shols Ukrainani demilitarizatsiya qilishga qarshi
«Rossiya nuqtayi nazarini qabul qilib bo‘lmaydi. Rossiyaning maqsadi har doim Ukrainada rus ohangiga raqsga tushadigan hukumat yaratish bo‘lgan. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan narsa», — deydi Shols.
«Ikkinchi masala — demilitarizatsiya. Rossiya buni doimiy ravishda talab qiladi, lekin buni qabul qilib bo‘lmaydi. Aksincha, Ukraina unga boshqa hech qachon hujum qilinmasligini ta’minlash uchun yetarli darajada kuchli bo‘lishi kerak — bu mamlakat, uning fuqarolari va barchamiz tajribamizdan kelib chiqqan holda. Bu ham kelajak uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi kansler.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining boshlanish nuqtasi Rossiyaning Ukrainani o‘qqa tutishini to‘xtatish bo‘lishi mumkin. «Agar bombardimon to‘xtatilsa, bu juda foydali bo‘lardi», deb aytgan Shols. «Bu keyinchalik davom etishi mumkin bo‘lgan muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lar edi».
Alpha version: 0.9.1.19 build 30323 | Инструменты