Pokiston va Afg‘oniston chegarasida bir haftadan ortiq vaqt davomida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Bu haqda “Bild” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 24 dekabrda Pokiston havo hujumlari oqibatida Afg‘onistonning sharqida kamida 46 kishi halok bo‘lgan. Afg‘oniston rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, 46 qurbonning katta qismini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Pokiston tomoni hujumlarda “terrorchilar boshpanalari” nishonga olinganini aytmoqda.
Bunga javoban Afg‘onistonning “Tolibon” muvaqqat hukumati chegaraga harbiy texnika va 15 ming askarni joylashtirgan. Shundan so‘ng afg‘onlar bahsli chegarada Pokistonning bir nechta pozitsiyalariga hujum qilgan. U yerda to‘qnashuvlar davom etmoqda.
“Tolibon” vakillari Britaniyaning “Telegraph” gazetasiga bergan intervyusida mojaroning har qanday keskinlashuviga tayyor ekanini aytgan.
“Ularda yadro bombasi bormi-yo‘qmi, bizni qiziqtirmaydi”, deydi “Tolibon” vakili.
Pokiston rahbarlari esa “Tolibon”ni pokistonlik jangarilarga boshpana berganlikda ayblamoqda. Gap birinchi navbatda “Tehrik-e Taliban Pakistan” (TTP) guruhi haqida bormoqda. TTP guruhi Pokistonda vayronagarchiliklar keltirib chiqarmoqda. Birgina 2024 yilda ular tomonidan Pokiston xavfsizlik kuchlariga 444 ta hujum uyushtirilgan, kamida 685 kishi halok bo‘lgan.
BMT Xavfsizlik Kengashining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, TTP’ning 6,5 ming jangarisi Afg‘onistonda yashiringan.
“Toliban” TTP'ni terrorchi guruh deb hisoblamaydi”, deyiladi hisobda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10616 | Инструменты