Huawei 1
Qozog‘iston rossiyalik to‘rt deputat va Davlat dumasi vitse-spikerining mamlakatga kirishini taqiqladi

Qozog‘iston hukumati Rossiya Davlat dumasining to‘rt nafar deputati va bir nafar sobiq parlament a’zosining mamlakatga kirishini taqiqladi. Bu haqda respublika hukumatidagi manbasiga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.

Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, taqiqqa rossiyalik ushbu deputatlarning Qozog‘iston va uning rahbariyatiga nisbatan ochiqchasiga haqoratomuz va dushmanona bayonotlari sabab bo‘lgan. «Qora ro‘yxat»dan Davlat dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy, Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Nikonov, «Yedinaya Rossiya» partiyasi deputatlari Yevgeniy Fyodorov va Konstantin Zatulin, shuningdek, «Rossotrudnichestvo» rahbari va Davlat dumasining sobiq deputati Yevgeniy Primakov o‘rin olgan.

Tolstoy oldinroq Ukrainadan keyin Rossiya uchun Qozog‘iston «navbatdagi muammoga» aylanishi mumkinligini ma’lum qilgandi. U, shuningdek, Olmaotani «ruslar tomonidan qurilgan Verniy shahri» deb atagan va Qozog‘istonni Rossiyadan uzoqlashish uchun «o‘z tarixini o‘ylab topishga» urinishda ayblagan. Nikonov federal televideniyedagi chiqishi davomida «Qozog‘iston shunchaki mavjud emas» deya ta’kidlab, zamonaviy Qozog‘iston hududlarini «Rossiya va SSSR sovg‘asi» deb ta’riflagan. Fyodorov Nikonovning fikrlarini qo‘llab-quvvatlagan va Rossiya Qozog‘istondan o‘z hududlarini qaytarishni talab qilish huquqiga ega ekanini aytgan. Bundan tashqari, Fyodorovning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston «xalqaro huquqlarga muvofiq SSSR tarkibidan chiqmagan», bu esa uning davlatchiligi «to‘liq qonuniy emasligini» anglatadi.

Konstantin Zatulin 2022 yilda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni tan olishdan bosh tortgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning pozitsiyasini keskin tanqid qilgandi. Deputat to‘liq hamkorlik bo‘lmasa, «har qanday holat yuz berishi» mumkinligini aytib, Ukrainani misol qilib keltirgan.

Primakov esa Qozog‘iston hukumatini «rus tiliga qarshi millatchilarning harakatlariga» e’tiborsizlikda ayblagan. Keyinchalik u Qozog‘iston axborot vaziri Asqar Umarov bilan ishlashdan bosh tortib, uni «rusofob yaramas» deb atagan.

DW’ning qayd etishicha, deputatlardan tashqari, «persona non grata» ro‘yxatiga propagandachilar Tina Kandelaki va Tigran Keosayan, siyosatshunos Nikita Mendkovich, «rus dunyosi» mafkurachisi Aleksandr Dugin hamda rossiyalik tarixchi Andrey Grozin ham kiritilgan. Grozinga yaqinda hech qanday izohsiz Qozog‘istonga kirish taqiqlangandi.

Grozin MDH mamlakatlari instituti qoshidagi Qozog‘iston va Markaziy Osiyo bo‘limini boshqaradi. U 28 aprel kuni Rossiya-Qozog‘iston munosabatlaridagi muammolar bo‘yicha muhokamada, 29 aprel kuni esa ikki mamlakat o‘rtasidagi xavfsizlik va gumanitar hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etishi kerak edi. Biroq 27 aprel kuni Ostona aeroportida pasport nazoratidan o‘tayotganda unga mamlakatga kirish rad etilgan. Institut buning sabablarini aniqlay olmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda ham shunga o‘xshash holat sodir bo‘lgandi — institut direktori, deputat Zatulin Boyqo‘ng‘irdan kosmik kemani uchirish marosimida qatnashish uchun Qozog‘istonga borgan, biroq u bir necha soat mamlakatga kiritilmagan edi. O‘shanda vaziyatni hal etishga erishilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50507 | Инструменты