Giyohvand moddalar kontrabandasi uchun Rossiyada 14 yil muddatga qamalgan amerikalik sobiq diplomat Mark Fogel RF va AQSh o‘rtasidagi kelishuv doirasida ozod etildi. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols e’lon qilgan Oq uy bayonotida so‘z boradi.
Bayonotda qayd etilishicha, AQSh ma’muriyati «almashinuv bo‘yicha kelishuvga erishgan bo‘lib, bu Rossiya tomonining ijobiy kayfiyatini ko‘rsatadi va Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilinayotganidan dalolat beradi». AQSh mamlakatda hibsda saqlanayotgan biror rossiyalikni topshirgan yoki topshirmaganiga aniqlik kiritilmagan.
«Almashinuv» bo‘yicha muzokaralarni AQSh prezidenti Donald Tramp hamda uning maslahatchilari, jumladan, Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlayotgan Stiv Uitkoff olib borgan. Avvalroq OAV Moskvadagi Vnukovo aeroportiga Vashingtondan Gulfstream G650ER biznesjyeti uchib kelgani to‘g‘risida xabar bergandi. Samolyot Uitkoffga bog‘liq ekani aytilgan. Kreml biznesjyet haqidagi xabarlarga izoh berarkan, Rossiya hukumati Trampning maxsus vakili bilan biror uchrashuvni rejalashtirmayotganini bildirgan.
Oq uy bayonotida keltirilishicha, Uitkoff Rossiya havo makonini Fogel bilan birga tark etgan.
AQSh elchixonasining Moskvadagi sobiq xodimi Mark Fogel 2021 yil avgustda Nyu-Yorkdan rafiqasi bilan birga uchib kelgan vaqtida Sheremetevo aeroportida hibsga olingan edi. Bojxona ko‘rigi vaqtida amerikalikning chamadonidan kannabis va gashish moyi topilgan.
Fogelning o‘zi tergov izolyatoriga kelgan huquq himoyachilariga uni 17 gramm marixuanani olib o‘tishga uringani uchun hibsga olishganini aytgan. Amerikalik gap umurtqasida o‘tkazilgan operatsiyadan keyin AQShdagi shifokor unga yozib bergan tibbiyot marixuanasi haqida ketayotganini ta’kidlagan.
2022 yil iyunda Moskva viloyati sudi Fogelni 14 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgan. Sud matbuot xizmati AQSh fuqarosi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lganini bildirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21213 | Инструменты