Joriy yilning 24 mart kuni Rossiya va AQSH vakillari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida uchrashadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng ma’lum qildi.
Rossiya delegatsiyasiga senator Grigoriy Karasin va Federal xavfsizlik xizmati (FXX) direktorining maslahatchisi Sergey Beseda rahbarlik qiladi. Ukrain razvedkasi ilgari Sergey Besedani Ukraina uchun “juda muammoli shaxs” deb atagan edi.
“Bu haqiqatan ham xalqaro masalalarni yaxshi tushunadigan tajribali muzokarachilar. Dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan maslahatlashuvlar samarali bo‘lishiga umid qilamiz”, dedi Yuriy Ushakov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning ekspertlar guruhi Qora dengiz akvatoriyasida kemalar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbusni ishlab chiqish uchun yig‘iladi. Ushakov 2022 yil iyulida BMT vositachiligida imzolangan “don kelishuvi” misolida shunday xalqaro bitimlarni keltirgan. O‘shanda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT kelishuvga erishgan, biroq Moskva bir yil o‘tib, ayrim shartlar bajarilmaganini sabab qilib ko‘rsatib, kelishuvdan chiqqan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32815 | Инструменты