Rossiyaning Volgograd oblasti gubernatori Andrey Bocharov imzolagan farmonga ko‘ra, patent asosida ishlayotgan migrantlarning 2025 yilda umumiy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari sifatida ishga qabul qilinishi taqiqlanadi.
Bundan tashqari, ularga avtobus va taksilarni haydash, savdo va ov qilish yoki yovvoyi hayvonlarni tuzoqqa tushirish, avtomobillarni ta’mirlash va kuriyer sifatida ishlash ham taqiqlanadi, deb xabar berdi «7x7».
Bocharovning ta’kidlashicha: «Yangi tizim mehnat migrantlarini jalb qilish jarayonini tartibga solish, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarga e’tiborni qaratish imkonini beradi – ular, qoida tariqasida, ish beruvchining arizasi va mehnat vizasi bo‘yicha ishlaydi, patent bo‘yicha emas».
Patent - bu Rossiyaga vizasiz rejim o‘rnatilgan mamlakatlardan kelgan migrantga ma’lum bir sohada 1 oydan 12 oygacha bo‘lgan muddatga ishlash huquqini beruvchi hujjat. Uni olish uchun xorijlik bir qator hujjatlarni, jumladan, rus tilini va Rossiya qonunchiligi asoslarini bilishini tasdiqlovchi hujjatlarni, migratsiya kartasini, tibbiy sug‘urtani va shaxsiy guvohnomani taqdim etishi kerak. Shuningdek, Rossiyada patent bo‘yicha ishlayotgan chet el fuqarosi daromad solig‘ini oldindan belgilangan miqdorda to‘laydi.
So‘nggi bir yil ichida Rossiya migratsiya siyosatini muntazam ravishda kuchaytirib bormoqda: Rossiya oblastlarining uchdan birida migrantlar mehnatiga cheklovlar joriy etilgan. Ko‘pincha ularga taksida ishlash taqiqlanadi. Kamida 18 ta hududda xorijliklarning savdo sohasida ishlashiga cheklovlar joriy qilingan. Ayrim hududlarda migrantlar mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish, kutubxonalar va hattoki moliyaviy xizmatlarda ham ishlay olmaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121513 | Инструменты