Huawei 1
Sadir Japarov: "Qirg‘iziston milliy terma jamoasida boy va amaldorlarning o‘g‘illari yo‘q"

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov mamlakatdagi “Barselona” futbol akademiyasi atrofidagi gap-so‘zlarga izoh berib, mamlakat milliy terma jamoasida amaldor va boy insonlarning farzandlari o‘ynamayotganini bildirdi. 

Gap shundaki, Qirg‘izistondagi “Kloop” nomli sayt kam ta’minlangan oila farzandlari Bishkekdagi “Barselona” futbol klubida mashg‘ulot o‘tkaza olmasligini da’vo qilib chiqdi. Bunga esa Japarov munosabat bildirdi.

“Sport qarindoshchilikni tushunmaydi. Ayniqsa, futbolda iqtidor bo‘lmasa, podshohning o‘g‘li bo‘lsa ham jamoaga qabul qilinmaydi. Kuchli bo‘lsang, viloyatlardan kelgan dehqonning o‘g‘li bo‘lsang ham seni mamnuniyat bilan qabul qilishadi. Qirg‘iziston terma jamoasining hozirgi tarkibiga qarang. U yerda birorta boyning yoki amaldorning o‘g‘li yo‘q. Aksincha, o‘ynayotgan yigitlar oddiy xalqdan. Masalan, marhum Jonibek Aliqulov – uning o‘g‘li jamoamizda hujumchi sifatida o‘ynaydi. U amaldor emas, oddiy artist, hajvchi edi”, deydi Sadir Japarov.

Japarov Qirg‘iziston yoshlarini futbol bilan shug‘ullanishga chaqirdi.

“Har bir qishloqda mini-futbol maydonchalari quryapmiz. 4-5 yildan keyin har bir qishloqda futbol maydoni bo‘ladi. Bundan tashqari, viloyat va tuman markazlarida stadionlar qurilmoqda. Hozir hammaga teng sharoit yaratib beryapmiz, 10 yildan keyin esa yoshlardan natija so‘raymiz. Shunday ekan, “Kloop”ning buzg‘unchi siyosatiga ishonmang, mashq qiling. Iqtidorli bolalar uchun, kelib chiqishidan qat’i nazar, akademiyada bepul ta’lim olishlari uchun sharoitlar yaratiladi”, deydi Prezident.

Japarov, shuningdek, mamlakatda 1600 ta xonadon qurilishida Prezident va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining qarindoshlari ishtiroki bormi, degan savolga javob berdi.

“Kim qurilishda ishtirok etsa, yaxshi. Bu keng qamrovli loyiha, uy-joy qurish bilan birga futbol akademiyasi, bolalar bog‘chalari, ta’lim muassasalari, ikkita stadion va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda. Shu jumladan turar-joy binolari. Uy-joy sotishdan olingan daromad men sanab o‘tgan ijtimoiy ob’ektlarni qurishga, shuningdek, franchayzing uchun to‘lovga yo‘naltiriladi. Bu loyiha faqat 20-30 yil ichida o‘zini oqlaydi. Agar “Kloop”dagilar qurilishda ishtirok etishni istasa, kelsin. Ularga 3-4 blok beraylik, qursinlar, lekin ular bitta g‘isht qo‘ya olishlariga ham ishonchim komil emas. Oxirgi 30 yil ichida odamlar bunday tanqidchilar haqida hamma narsani tushunib yetdi. It hurar–karvon o‘tar”, deydi Japarov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22320 | Инструменты