Shri-Lankadagi jinoiy to‘da rahbari Sanjiv Kumar Samararatneni sud binosida otib ketishdi, deb xabar berdi NDTV.
Sudlanuvchi 2023 yil sentyabrida qo‘lga olinganidan buyon hibsda saqlanayotgan edi. Suiqasd kuni u sud binosiga o‘nga yaqin politsiyachi qurshovida kelayotgandi. Samararatneni otgan erkak advokat kiyimida bo‘lib, o‘rtasi qirqib o‘yilgan kitob orasiga solingan to‘pponchadan foydalangan. Kitobni esa Pinpura Devage Ishara Syuvandi ismli 25 yoshli ayol keltirgani aytilmoqda. U haqda xabar berganlarga mukofot e’lon qilingan.
Samararatne olgan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan. Qochishga uringan qotil qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, sud zalidagi suiqasd mamlakatdagi jinoiy to‘dalar orasidagi kurashdan bir lavha, xolos.
Hodisadan so‘ng mamlakat hukumati o‘ta xavfli jinoyatchilarni sud zaliga keltirishda ehtiyot choralarini kuchaytirish, jumladan, qurolli soqchilarni ko‘paytirishga qaror qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22322 | Инструменты