Huawei 1
Shveysariyaning UBS banki Credit Suisse'ni sotib oldi

Shveysariyaning UBS banki kecha, 19-mart kuni mamlakatdagi boshqa bir Credit Suisse bankini 3 milliard frankga ($3,2 mlrd) sotib oldi. Bu haqda Shveysariya Milliy banki xabar bermoqda.

Shveysariyadagi ikkita eng yirik va eng qadimgi ushbu kredit institutlarining birlashishi mamlakat rasmiylari ko'magida amalga oshirilgan. Shveysariya regulyatorlari Credit Suisse inqirozini butun moliya tizimiga tarqalishining oldini olish uchun kelishuvni tashkil qilishga majbur bo'lgan.

Xabarga ko'ra, banklarning birlashishi 2023-yil oxirigacha yakunlanadi. Bitim tafsilotlariga ko'ra, UBS Credit Suisse'ning har bir aksiyasi uchun 0,76 Shveysariya franki to'lagan.

Shveysariya prezidenti Alen Berse Berndagi matbuot anjumanida rasmiylar ikkala bankka 50 milliard frank kreditidan tashqari 100 milliard frank likvidlik kafolatini ham taqdim etganini ma'lum qildi.

"Bu Shveysariya moliyaviy tizimiga ishonchni ta'minlash uchun eng yaxshi yechim", - deya qo'shimcha qildi mamlakat rahbari.

Matbuot anjumanida xabar qilinishicha, birlashish Shveysariya moliyaviy regulyatori FINMA tomonidan ma'qullangan.

Credit Suisse bankidagi ishonch inqirozi

Credit Suisse’ning bir yildan ortiq davom etayotgan muammolari yaqinda yuzaga kelgan bank inqirozi davrida yanada kuchaydi. Joriy yilning 15-mart kuni bank aksiyalari 30%ga arzonlashib, o'z tarixidagi eng yirik pasayishni boshidan kechirdi.

Financial Times gazetasining manbalarga tayanib yozishicha, bankning moliyaviy ahvolidan qo'rqish fonida undan omonatlarning olib chiqilishi kuniga 10 milliard frankdan oshib ketgan.

Shundan so'ng bankni inqirozdan olib chiqish bo'yicha muzokaralar boshlandi, dedi Shveysariya moliya vaziri Karin Keller-Zutter matbuot anjumanida.

"Tizimli ahamiyatga ega bo'lgan bankning defolti Shveysariyada ham, chet elda ham oldindan aytib bo'lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin edi", - dedi u.

Eslatib o’tamiz, 10-mart kuni Kaliforniya moliyaviy himoya departamenti Silicon Valley Bankni bankrot deb e’lon qildi. Silikon vodiysidagi texnologik kompaniyalarning yetakchi kreditorlaridan biri ikki kundan kamroq vaqt ichida bankrot bo‘ldi. CNN ta'kidlaganidek, bu 2008-yildagi moliyaviy inqirozdan keyin Qo'shma Shtatlardagi eng yirik bank inqirozi bo'ldi. SVB depozitlarni sug'urtalash bo'yicha Federal komissiyaning nazorat ostiga olingan. Shundan so’ng, 12-mart kuni Nyu-Yorkdagi Signature Bank bankrotlikka uchradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92823 | Инструменты