Donald Tramp Rossiya Federatsiyasi prezidenti bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Oq uyda jurnalistlarga Ukraina bo‘yicha Putin bilan uchrashuvi Saudiya Arabistonida bo‘lishini aytdi.
Saudiya Arabistoni AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun yuzma-yuz uchrashadigan davlat bo‘ladi. Bu Trampning 12-fevral, chorshanba kuni Rossiya prezidenti bilan telefon orqali suhbatidan bir necha soat o‘tib Oq uyda jurnalistlar bilan suhbati chog‘ida aytgan bayonotidan kelib chiqadi.
"Biz Saudiya Arabistonida uchrashamiz", - deya iqtibos keltiradi AFP agentligi. Saylovoldi tashviqoti chog‘ida ham Donald Tramp Ukrainadagi urushni tugatish niyatida ekanini bir necha bor ta’kidlagan edi.
Jurnalistlar bilan suhbatda Tramp, shuningdek, Ukrainaning NATOga kirishini maqsadga muvofiq deb hisoblamasligini va Kiyev Rossiya tomonidan bosib olingan barcha hududlarni qaytarib olishini, uning fikricha, “ehtimol kam” ekanini aytdi.
Trampning Putin bilan telefon suhbati
CNN taʼkidlaganidek, Oq uy va Kreml matbuot xizmatlari 12-fevral kuni Tramp va Putin oʻrtasidagi telefon suhbati Trampning AQSh prezidenti sifatidagi ikkinchi muddati boshlanganidan beri birinchi tasdiqlangan telefon muloqotidir.
Trampning soʻzlariga koʻra, prezidentlar “Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushda millionlab odamlarning oʻlimini toʻxtatishni xohlashlariga kelishib olishgan”. Shuning uchun, uning so'zlariga ko'ra, siyosatchilar o'z jamoalari "zudlik bilan muzokaralarni boshlashlari" haqida kelishib oldilar. AQSh prezidenti Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qo'ng'iroq qilib, suhbat haqida "hozir" xabardor qilishga va'da berdi.
“Davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Ratkliff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Vals va maxsus elchi Stiv Vitkoffdan muzokaralar muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonchim komil”, — deya qo‘shimcha qildi u.
CNN maʼlumotlariga koʻra, Tramp Zelenskiy bilan 12-fevral kuni tushga yaqin, Putin bilan telefon muloqoti yakunlanganidan koʻp oʻtmay gaplashgan.
Ayni vaqtda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov suhbat chog‘ida Rossiya yetakchisi Donald Trampni Moskvaga tashrif buyurishga taklif qilganini aytdi. Kremlga ko‘ra, Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat taxminan 90 daqiqa davom etgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21316 | Инструменты