Huawei 1
Turkiyadan Suriyaga 81 mingdan ortiq qochqin qaytdi

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya ma’lum qilishicha, 2024-yil 9-dekabrdan boshlab Suriyada muxolifat hokimiyatni egallaganidan keyin 81 mingdan ortiq suriyalik o‘z vataniga qaytgan. Hozirda Turkiyada 4,1 million muhojir bor, ulardan 2,86 millioni suriyalik qochqinlardir.

Ali Yerlikaya jurnalistlarga bergan bayonotida, 2017-yildan buyon jami 821 529 nafar suriyalik Suriyaga o‘z ixtiyori bilan qaytganini bildirdi. Shuningdek, Turkiyada 1,06 million xorijlik yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lsa, 190 ming nafari xalqaro himoya maqomida qolmoqda.

So‘nggi yillarda Turkiyada chuqurlashgan iqtisodiy inqiroz fonida mahalliy aholi suriyalik qochqinlarning oqimini cheklashni talab qilib, norozilik namoyishlari o‘tkazdi. Hozirgi vaqtda Turkiyada yashayotgan suriyaliklar soni Livan va Yevropa Ittifoqidagi qochqinlar sonidan deyarli ikki baravar ko‘p.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil sentyabr oyidan buyon Suriyaga yarim milliondan ortiq qochqin qaytgan, ularning 200 ming nafari esa Bashar Asad iste’foga chiqqanidan keyin vatanga qaytishga qaror qilgan. Yaqin Sharq mamlakatlarida yashayotgan millionlab suriyaliklarning taxminan 30 foizi kelgusi bir yil ichida vataniga qaytishni rejalashtirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13019 | Инструменты